Avstraliyalik olimlar ko‘krak saratoni rivojlanishini sekinlashtiruvchi molekulani aniqladi

Avstraliyalik olimlar ko‘krak saratonining eng tajovuzkor turlaridan biri — uch karra manfiy ko‘krak saratonida metastazlar hosil bo‘lishini sekinlashtiruvchi miR-342 molekulasini aniqladi. Bu haqda tadqiqotning katta hammuallifi, Adelaida universiteti dots.nti Filip Gregori RIA Novostiga ma’lum qildi.
«Tadqiqotimiz shuni ko‘rsatdiki, uch karra manfiy ko‘krak saratoni hujayralarida miR-342 molekulasi darajasi past bo‘lsa, ular xavfli metastazlarga tezroq aylanishi mumkin», — dedi olim.
Tadqiqotchilar miR-342 darajasini tiklash o‘smaning o‘pka, jigar va boshqa a’zolarga tarqalishini sezilarli darajada sekinlashtirishini aniqladi.
Shuningdek, molekula darajasi past bo‘lgan va o‘sma hujayralari organizmga tarqalib ulgurgan holatlarda olimlar ko‘krak saratonining boshqa turlarida qo‘llanadigan palbotsiklib preparatini sinab ko‘rdi.Natijada preparat metastazlar tarqalgan joylarda o‘sma hujayralarining ko‘payishini sezilarli darajada sekinlashtirgan.
Gregorining ta’kidlashicha, palbotsiklib nega bunday samara berganining aniq sababi hozircha ma’lum emas. Olimlardan biri ehtimoliy sabab sifatida metastazlar paydo bo‘ladigan muhit o‘smaning dastlabki joyiga nisbatan saraton hujayralarining ko‘payishi uchun kamroq qulay bo‘lishini qayd etdi. Bu esa hujayralar bo‘linishini to‘sishni yanada samarali qilishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlar hozircha bunday davolash qancha nafar bemorga mos kelishini aniq ayta olmaydi. Tadqiqotchilar miR-342 qaysi darajada bo‘lganda uch karra manfiy ko‘krak saratoni palbotsiklib kabi preparatlarga sezgir bo‘lishini hali aniqlashi kerak.






























Izohlar 0
…