Haydovchilarga! Jarimalar, kameralar va jarima maydoni bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi

Haydovchilarga! Jarimalar, kameralar va jarima maydoni bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirining 502-sonli buyrug‘i bilan yo‘l harakati qoidalarini buzish bo‘yicha ma’muriy ishlarni yuritishning yangi tartibi tasdiqlandi.
  • Endilikda YPX xodimlari qoidabuzarliklarni planshet orqali elektron shaklda rasmiylashtiradi va joyida naqd pulda jarima to‘lash qat’iyan taqiqlanadi.
  • Fotoradarlar qayd etgan qoidabuzarliklar bo‘yicha ma’muriy ishlar 48 soat ichida markazga kelib tushmasa yoki 1 oy ichida jazo qo‘llanilmasa, ish yuritish tugatiladi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini (YHQ) buzish bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni yuritishning tubdan yangilangan tartibi rasman tasdiqlandi. Ichki ishlar vazirining 502-sonli buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan 3969-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va hujjat rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng 2 oy o‘tib kuchga kiradi.

Yangi nizom korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qoidabuzarliklarni to‘liq raqamlashtirish hamda haydovchilarning qonuniy huquqlarini kafolatlashga qaratilgan qator jiddiy yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Qo‘lga pul berish qat’iyan man: Elektron bayonnoma va barmoq izi

YHXX inspektorlarining haydovchilar bilan bevosita muloqoti to‘liq raqamli tizimga o‘tkaziladi:

  • Planshet va barmoq izi: YHXX xodimi qoidabuzarlikni qog‘ozda emas, joyida maxsus planshet orqali elektron shaklda rasmiylashtiradi. Haydovchi bayonnomani elektron grafik imzo yoki barmoq izi (daktiloskopiya) orqali tasdiqlaydi;

  • Joyida naqd to‘lash taqiqlanadi: YPX xodimi tomonidan joyida naqd jarima olish qat’iyan man etiladi. Barcha to‘lovlar faqat bank kassalari, elektron to‘lov tizimlari (Click, Payme va h.k.), mobil ilovalar yoki my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi;

  • Bodikamera va xolislar: Agar haydovchi mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan bosh tortsa va YPX xodimida faol xizmat bodikamerasi bo‘lsa, endilikda xolislar (guvohlar) talab qilinmaydi — videoyozuv to‘g‘ridan to‘g‘ri bayonnomaga biriktiriladi.

Fotoradar va kameralar: Ish qaysi holatda bekor qilinadi?

Avtomatlashtirilgan kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar bo‘yicha haydovchilar foydasiga muhim kafolatlar belgilandi:

  • 48 soatlik qat’iy qoida: Agar kamera qayd etgan qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumot 48 soat ichida hududiy markazga kelib tushmasa, ma’muriy ish yuritish tugatiladi;

  • Avtomobil egasi topilmasa: Transport vositasining mulkdori haqida aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda ham ish yopiladi;

  • 1 oylik muhlat: Kameralar qayd etgan qoidabuzarlik bo‘yicha ma’muriy jazo chorasi hodisa sodir etilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 1 oy ichida qo‘llanilishi shart.

Chegirmalar tizimi va istisnolar

Haydovchilarni rag‘batlantiruvchi mavjud yengilliklar saqlab qolindi, biroq ularning amal qilish doirasiga aniqlik kiritildi:

  • 50% va 70% lik imtiyoz: Jarima 15 kun ichida to‘lansa — uning 50 foizi, 30 kun ichida to‘lansa — 70 foizi to‘lanadi;

  • Chegirma qachon kuymaydi?: Jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinsa yoki qoidabuzarlik bir yil davomida qayta sodir etilsa, chegirma amal qilmaydi;

  • Istisno moddalar: 131-modda (transportni mast holda boshqarish), 136-modda (tekshiruvdan bosh tortish) va 140-moddalar bo‘yicha solingan jarimalarga nisbatan hech qanday chegirma qo‘llanilmaydi.

60 kunlik muhlat, jarima maydoni va shikoyat tartibi

Qaror ijrosini ta’minlash va nizoli vaziyatlarni hal etish bo‘yicha quyidagi reglament o‘rnatildi:

  • Jarima maydoniga olib ketish: Agar jarima 60 kun ichida to‘lanmasa, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Ammo to‘lov to‘liq joyida amalga oshirilsa, mashinani jarima maydoniga olib ketish taqiqlanadi;

  • 10 kun ichida shikoyat: Qaror nusxasini olgan kundan boshlab 10 kun ichida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat kiritish mumkin. Muhimi, shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar qaror ijrosi rasman to‘xtatib turiladi;

  • Eksterritoriallik tamoyili: Haydovchilar yashash joyi yoki ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, «yagona darcha» va «open space» tamoyillari asosida respublikaning istalgan YHXX markaziga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar