Volvo S90 flagman sedanining Xitoydagi narxi keskin tushirildi

Volvo S90 Smart Luxury Edition 2026-yilgi versiyasining Xitoydagi narxi trade-in sharti bilan 406 900 yuandan 229 900 yuangacha tushirildi, ayrim dilerlarda esa avtomobilni taxminan 205 000 yuanga olish mumkin. Model savdosi 2023-yildagi oylik 3500 donadan 2025-yilda 1500 tagacha kamaygan, 2026-yil aprel oyida esa atigi 428 ta sedan sotilgan.
Xitoy avtomobil bozorida shved brendining flagman modeli boʻlgan Volvo S90 Smart Luxury Edition 2026-yilgi versiyasining narxi sezilarli darajada pasaytirildi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, avvalroq ushbu sedan uchun 406 900 yuan talab qilingan boʻlsa, hozirda rasmiy narx eski mashinani savdoga topshirish (trade-in) sharti bilan 229 900 yuangacha tushirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mamlakatning ayrim hududlaridagi dilerlik markazlari esa xaridorlarni jalb qilish uchun yanada qulay shartlarni taklif qilmoqda. Unga koʻra, ushbu premium toifadagi avtomobilni taxminan 205 000 yuan evaziga xarid qilish imkoniyati mavjud. Narxlarning bunchalik keskin tushib ketishi modelga boʻlgan talabning ketma-ket yillar davomida pasayib borayotgani bilan bevosita bogʻliqdir.
Sotuv koʻrsatkichlarining keskin pasayishi
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Volvo S90 savdolari oxirgi yillarda jiddiy ravishda tushib ketgan. Agar 2023-yilda oʻrtacha oylik sotuv koʻrsatkichi 3500 donani tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda bu raqam 2500 taga, 2025-yilda esa 1500 ta avtomolga qisqargan.Vaziyat 2026-yilda yanada ogʻirlashgan. Xususan, aprel–iyun oylarida oylik sotuvlar atigi 400–500 tani tashkil etib, xususan, aprel oyining oʻzida bor-yoʻgʻi 428 ta sedan egasini topgan. Bu kabi salbiy koʻrsatkichlar Volvo brendining butun Xitoy bozoridagi mavqeiga ham soya solmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida shved brendining Katta Xitoydagi umumiy savdolari 53 200 tani tashkil etdi. Shu bilan birga, kompaniyaning global miqyosdagi umumiy sotuv hajmi ham 8 foizga qisqargani qayd etilgan.
Texnik bazaning eskirgani asosiy muammo sifatida koʻrsatilmoqda
Mutaxassislarning fikricha, talabning sustlashishiga asosiy sabab sifatida Volvo S90 modelining texnik jihatdan eskirib qolgani koʻrsatilmoqda. Avtomobil allaqachon oʻz davrini oʻtay boshlagan SPA platformasida yigʻilgan boʻlib, u 2,0 litrli dvigatel, 48 voltli yumshoq gidrid tizimi hamda old aylanma uzatma bilan jihozlangan.Mazkur sinfdagi xaridorlar koʻproq talab qiladigan olti silindrli dvigatel va toʻliq uzatmali versiyalar esa mijozlarga taqdim etilmaydi. Shuningdek, avtomobildagi elektron boshqaruv tizimlari va avtomatlashtirish funksiyalari bugungi kundagi zamonaviy raqobatchilar imkoniyatlaridan ortda qolmoqda.
Yuzaga kelgan sharoitda Volvo rahbariyati narxlarni demping qilish va Xitoydagi boʻlinmani boshqarish tizimini yangilash orqali mamlakat bozoridagi vaziyatni oʻnglashga hamda savdo hajmini qayta tiklashga harakat qilmoqda.






























Izohlar 0
…