date
views 627

«Bu orqadan urilgan zarba, xiyonat» – Putinning «Vagner» isyoniga munosabati (video)

«Bu orqadan urilgan zarba, xiyonat» – Putinning «Vagner» isyoniga munosabati (video)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari, oʻzining sobiq oshpazi Evgeniy Prigojin boshchiligida mamlakatda boshlangan harbiy isyonga ilk marta munosabat bildirdi. Uning murojaati Kreml rasmiy sahifalarida e'lon qilindi.

«Rossiyaliklar, Qurolli kuchlar shaxsiy tarkibi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, maxsus xizmat harbiylari, dushman zarbalarini mardonavor qaytarayotgan harbiylarga murojaat qilmoqchiman. Bugun tunda barcha yoʻnalishdagi komandirlar bilan yana bir bor gaplashdim. Aldov yoki tahdid bilan jinoiy harakatga aralashtirilganlarga ham murojaat qilaman. Ular harbiy isyon koʻrinishidagi ogʻir jinoyatga etaklandi. Rossiya bugun neonatsistlar va ularning xoʻjayinlariga qarshi oʻz kelajagi uchun kurashmoqda. Odamlarimizning xavfsizligi va mustaqilligimiz uchun kurashyapmiz. Ming yillik tarixga ega Rossiya boʻlib qolish uchun kurashyapmiz.

Bunday vaqtda bizni kuchsizlantiradigan hamma narsani chekkaga surib qoʻyish kerak. Bu ishlar jang qilayotgan quroldosh doʻstlaridan kechish degani. Bu davlatimiz va xalqimizga orqadan berilgan zarbadir. 1917 yil mamlakat birinchi jahon urushida jang qilayotgan vaqtda Rossiyaga xuddi shunday zarba berilgandi. Undan gʻalabani oʻgʻirlashgandi. Bu ishlar davlat qulashi va armiya parokanda boʻlishiga olib kelgandi. Oqibatda hududlar boy berildi, keyin esa fuqarolar urushi boshlandi. Ruslar ruslarni, ogʻa-inilar bir birini oʻldirdi.

Biz bunday ish takrorlanishiga yoʻl qoʻymaymiz. Davlatni har narsadan asraymiz. Ichki xiyonatdan ham. Hozir boʻlayotgan narsa aynan xiyonatdir. Shaxsiy manfaatlar koʻzlangan. Bu «Vagner» safida Soledar va Artyomovskni ozod qilgan oʻz quroldoshlariga ham xiyonatdir. Ular Novorosiya va rus olamining yaxlitligi uchun jon berishgandi.

Bu Rossiyaga berilgan zarba. Biz vatanni bunday xavfdan himoya qilar ekanmiz javob keskin boʻlishiga soʻz beramiz. Kimki ongli ravishda shantaj va terror yoʻli bilan harbiy isyonga aralashsa, jazolanadi. Qurolli kuchlar va boshqa organlar kerakli buyruqlarni olishdi. Kuchaytirilgan antiterror operatsiyalari Moskva hamda uning atrofida olib boriladi. Rostovda vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha ishlar qilinadi. U erda vaziyat qiyin. U erda harbiy va fuqarolik tashkilotlar faoliyati cheklab qoʻyilgan.

Rossiya prezidenti, oliy bosh qoʻmondon va Rossiya fuqarosi sifatida Rossiyani saqlab qolish uchun hamma ishni qilaman. Konstitutsion tuzum va fuqarolar erkinligini ta'minlayman. Quroldosh doʻstlarini sotgan, harbiy isyonga qoʻshilganlar albatta jazolanadi. Yagona toʻgʻri tanlov jinoiy harakatlarda qatnashishni toʻxtatishdir. Vatanimiz bilan birga har qanday sinovdan oʻtib yanada kuchli boʻlamiz», dedi Putin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo