07:30 / 16.08.2024
473

Tergov qo‘mitasi Navalniyning o‘lim sababini ma’lum qildi

Tergov qo‘mitasi Navalniyning o‘lim sababini ma’lum qildi
Foto: RIA Novosti
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Yamalo-Nenes avtonom okrugidagi koloniyada “aralash kasallik” tufayli vafot etgan. Bu haqda Tergov qo‘mitasining viloyat boshqarmasi qarorida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, dastlabki tergov organlari Navalniyning o‘limi “jinoiy xususiyatga ega emas, balki qo‘shma kasallik oqibati” degan xulosaga kelgan. Tergov qo‘mitasi Navalniyga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar yoki zo‘ravonlik sodir etilmaganini va “aniqlangan tan jarohatlari tibbiy manipulyatsiyalar natijasi bo‘lganini” da’vo qilgan.

Hujjatda sud-tibbiy ekspertiza xulosasi keltirilgan bo‘lib, unda Navalniy surunkali pankreatit, xoletsistit, gepatit va yana bir qator kasalliklarga chalingani qayd etilgan.

Navalniyning o‘limi aritmogen xarakterga ega bo‘lib, yurak ritmi va o‘tkazuvchanligining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi”, deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.

Marhum siyosatchining bevasi Yuliya Navalnayaning ta’kidlashicha, hayoti davomida Alekseyda yurak xastaligi kuzatilmagan. U siyosatchining kiyim-kechagi, kitoblari va yana bir qancha buyumlari qarindoshlariga qaytarilmaganidan shikoyat qilgan va ularni qaytarib berishni talab qilgan. Navalnaya, shuningdek, tibbiy hujjatlar, jumladan, otopsiya xulosasi va ekspertiza natijalarini Navalniy vakillariga topshirishni talab qilgan.

Aleksey Navalniy Yamalo-Nenes avtonom okrugidagi koloniyada vafot etgani haqida Federal jazoni ijro etish xizmati 16 fevral kuni xabar bergan edi. O‘lim sababi tromblar yorilishi deb aytilgan, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan. 17 fevral kuni koloniya xodimlari siyosatchining onasi Lyudmila Navalnayaga uning “to‘satdan o‘lim sindromi”dan vafot etgani haqida xabar bergan. Tibbiy o‘lim guvohnomasida esa siyosatchi “tabiiy sabablar” tufayli vafot etgani qayd qilingan.

Navalniyning jasadi 24 fevral kuni onasiga berilgan. Bundan oldin tergovchilar Navalnayani shantaj qilib, siyosatchining dafn marosimini yashirin o‘tkazishni talab qilgan. Aleksey Navalniy 1 mart kuni Moskvadagi Borisovskiy qabristoniga dafn qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tergov qo‘mitasi Navalniyning o‘lim sababini ma’lum qildi