
Foto: Bild
Meksikada “Evropaning kokain qiroli” Marko Ebben otib oʻldirildi. Ebbenga suiqasd joriy yilning 13 fevral kuni amalga oshirilgan, deb yozadi Daryo.
Niderlandiyalik narkotik moddalar savdogari dunyodagi eng koʻp qidirilayotgan jinoyatchilardan biri edi. Tergov ma'lumotlariga koʻra, u koʻp yillar davomida Meksikaning Sinaloa karteli bilan hamkorlik qilib kelgan. Dunyodagi eng shafqatsiz jinoiy tashkilotlardan biri boʻlgan mazkur kartel minglab qotilliklar uchun javobgardir.
2017 yilda Sinaloa karteli rahbari Xoakin “El Chapo” Gusman hibsga olinganidan soʻng, kartel ichida hokimiyat uchun kurash boshlangan. Ebben Gusmanning raqibi Ismoil “El Mayo” Zambada tomoniga oʻtgan, degan taxminlar mavjud. Oʻshandan beri u har qanday vaqtda hujumdan xavotirda yashashga majbur boʻlgan.
Biroq kokain qirolining oʻldirilishi ortida uning taxminiy doʻstlari turgan boʻlishi mumkin: ular Meksikaning narkotiklarga qarshi kurashish boʻlimi niderlandiyaliklarni qidirib topgani va uni hibsga olmoqchi ekanligidan xabar topishgan. Gangsterlar soʻroq paytida sirlarni oshkor qilishi mumkin boʻlgan shaxsni yoʻq qilishga qaror qilgan, deb yozadi Bild.
Aniqlanishicha, qotillar Marko Ebbenni Mexiko yaqinidagi Atisapan-de-Saragosa shahrida joylashgan hashamatli sport zali yonida poylab turishgan. U oʻzining zirhli Kadillak avtomobilidan bir qadam narida turganida otib oʻldirilgan. Meksika rasmiylarining bayonotiga koʻra, qotillar harbiy politsiyadan atigi 14 daqiqa oldin harakatga oʻtishgan.
Politsiya Ebbenning jasadida AQSh Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasining (DEA) soxta guvohnomasini topgan. Unda “kokain qiroli”ning taxallusi Xesus Antonio Velaskes Rivas deb yozilgan. Bu Ebben oʻz shaxsini soxtalashtirishining birinchi holati emas: u Rossiyada Evropa Ittifoqi diplomati niqobi ostida, Braziliyada esa Evropolning maxsus agenti sifatida sayohat qilgan. Aynan shu tashkilotning eng koʻp qidirilayotganlar roʻyxatiga u ananas qutilarida 400 kilogramm kokain kontrabandasini amalga oshirgani uchun kiritilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar