Hindistonda mehmonxonada sakkiz oy faoliyat yuritgan soxta politsiya bo‘limi fosh etildi

Hindistonning Bihar shtatida firibgarlar qariyb sakkiz oy davomida mehmonxonada soxta politsiya bo‘limini tashkil etib, mahalliy aholidan pul undirgan. G‘aroyib voqea Banka shahrida sodir bo‘lgan.
Firibgarlar haqiqiy politsiyachilarga o‘xshash forma va nishonlardan foydalanib, mehmonxonada “xizmat” ko‘rsatgan. Ular turli murojaat va arizalarni qabul qilib, ayrim masalalarni hal qilish yoki yordam berish evaziga fuqarolardan pul talab qilgan.
Guruh a’zolari, shuningdek, mahalliy aholiga politsiyaga ishga joylashtirish va ijtimoiy uy-joy olishda yordam berishni va’da qilib, ulardan pul olgan. Hatto ayrim qishloq aholisi soxta bo‘limda boshqa “politsiyachi”lar sifatida ishlashi uchun yollangan va ularga kunlik haq to‘langan.
Eng e’tiborlisi, soxta politsiya bo‘limi haqiqiy politsiya bo‘limidan atigi 500 metrcha masofada joylashgan. Firibgarlar shu vaqt davomida o‘zlarini haqiqiy huquq-tartibot xodimlari sifatida ko‘rsatib kelgan.
Firibgarlik esa tasodifan fosh bo‘lgan. Haqiqiy politsiyachilardan biri “ofitserlar”dan ayrimlarining xizmat quroli o‘rniga mahalliy ustaxonalarda tayyorlangan qurollarni olib yurganiga e’tibor qaratgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruv natijasida guruh faoliyati aniqlangan.
Natijada guruhning kamida olti nafar a’zosi, jumladan ikki ayol qo‘lga olingan. Guruhning asosiy tashkilotchisi esa o‘sha paytda qidiruvda bo‘lgan.






























Izohlar 0
…