Rayhon Ulasenova o‘g‘lining sevgi qissasini oshkor qildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Aktrisa Rayhon Ulasenova o‘g‘li Azizbek va uning rafiqasi Azizaxonning sevgi qissasi hamda kutilmagan sovchilik marosimi haqida intervyu berdi.
- Yoshlar 15 yoshida oromgohda tanishib, do‘stlikdan muhabbatga aylangan munosabatlarini keyingi yillarda ham davom ettirgan.
- Rayhon Ulasenova o‘g‘lining tanlovini qo‘llab-quvvatlaganini va kelinini birinchi ko‘rganda o‘z qizi Mohinurga o‘xshatib hayratda qolganini ta’kidladi.
Taniqli aktrisa va boshlovchi Rayhon Ulasenova bu yil 7 avgust kuni o‘g‘li Azizbekni uylantirdi. Qaynona maqomiga erishgan san’atkor to‘ydan so‘ng ilk bor intervyu berib, farzandi va kelini Azizaxonning qanday tanishgani, muhabbatlari qanday boshlangani hamda to‘y oldidan uyushtirilgan kutilmagan sovchilik marosimi haqida gapirdi.
Ular 15 yoshida oromgohda tanishgan

Rayhon Ulasenovaning aytishicha, Azizbek va Azizaxon ilk bor yozgi bolalar oromgohida uchrashgan. Qizig‘i, o‘sha paytda har ikkisi ham 15 yoshda bo‘lgani sababli oromgohga borishi odatiy tartib bo‘yicha mumkin emas edi. Biroq ota-onalari ular uchun yo‘llanma olib berishgan.
Yoshlar oromgohda tanishib, avval do‘stlashgan. Keyingi yillarda ham bir necha bor uchrashib, munosabatlari asta-sekin samimiy do‘stlikdan muhabbatga aylangan.
Aktrisa farzandining tanlovini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlab, uning baxtli bo‘lishini istaganini aytdi.
Sovchilik uchun hatto samolyot reysi kechiktirilgan
Azizbek va Azizaxonning oila qurish jarayonida sovchilik ham qiziq voqealarga boy bo‘lgan. Rayhon Ulasenova bo‘lajak kelinining oilasi bilan dastlab telefon orqali bog‘langan.
Sovchilik sanasi belgilangan vaqtda aktrisaning Turkiyaga uchishi kerak edi. Biroq u bo‘lajak kelinning oilasi bilan uchrashishni birinchi o‘ringa qo‘yib, parvoz vaqtini o‘zgartirgan.
Qisqa uchrashuv bo‘lishi kerak bo‘lgan sovchilik esa kutilganidan ancha uzoq davom etgan. Keyin Azizbek ham kelinning otasi bilan suhbatlashib, ikki oila munosabatlarni rasmiylashtirishga kelishgan.
Kelinini avval o‘z qiziga o‘xshatgan

Rayhon Ulasenova Azizaxonning suratini birinchi marta ko‘rganida hayratda qolganini ham yashirmadi. U kelinning rasmini so‘raganida, dastlab uni o‘z qizi Mohinurning surati deb o‘ylagan.
Aktrisa oila a’zolari ham Azizaxonni ko‘rib, uni Mohinurga o‘xshatganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, kelin bir qarashda ularning oilasiga juda o‘xshab ketadi.
Tog‘dagi kutilmagan «Marry me» marosimi
Yoshlarning nikoh oldidan o‘tkazilgan «Marry me» marosimi ham alohida ssenariy asosida tashkil etilgan. Rayhon Ulasenova bu tadbirni ular ilk bor tanishgan oromgohda o‘tkazishni istagan.
Azizaxon esa bu rejadan butunlay bexabar bo‘lgan. Oila a’zolari turli bahonalar o‘ylab topib, uni tog‘ga olib chiqishgan. Hatto yo‘l davomida kutilmagan qo‘ng‘iroq va bahonalar ham oldindan rejalashtirilgan.
Tog‘da esa ikki oila yoshlarni kutib turgan. Azizbek Azizaxonga nikoh taklifini bildirgan va qiz uchun bu voqea haqiqiy syurprizga aylangan.
Azizbek oila qurishga bir yil tayyorlangan

Rayhon Ulasenova o‘g‘li uylanish niyatini 21 yoshida bildirganini aytdi. O‘shanda u farzandidan oilasini ta’minlash va mustaqil hayotga tayyor yoki tayyor emasligini so‘ragan.
Azizbek esa undan bir yil vaqt so‘rab, pul topish, jamg‘arish va mablag‘ni to‘g‘ri sarflashni o‘rganishini aytgan.
U Moskvada tahsil olgan va ikkinchi kursdan ishlay boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan o‘z xarajatlarini mustaqil qoplash, oilasiga va singillariga sovg‘alar olib kelishni ham o‘rgangan.
Nihoyat, Azizbek onasiga oila qurishga tayyor ekanini aytgan. Shundan so‘ng Rayhon Ulasenova va turmush o‘rtog‘i sovchilikka borishga qaror qilgan.
To‘ydagi qo‘shiq ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi
Nikoh oqshomida Azizbekning Ozodbek Nazarbekovning «Sarson» qo‘shig‘ini berilib kuylagani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu esa foydalanuvchilar o‘rtasida turli fikrlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Ayrimlar kuyovning his-tuyg‘ularini ochiq namoyon qilganini iliq qabul qilgan bo‘lsa, boshqalar bunday xatti-harakatni ma’qullamagan.
Rayhon Ulasenova esa o‘g‘lini himoya qilib, uning to‘ydagi samimiy munosabati muhabbatini ochiq ifodalash istagidan kelib chiqqanini aytdi.
Aktrisaning fikricha, farzandlar ko‘proq ota-onasining xatti-harakatlaridan o‘rnak oladi. Shu sababli ularning oilasida mehrni yashirmaslik, yaqin insonga o‘z his-tuyg‘ularini ochiq bildirish odatiy hol hisoblanadi.
Rayhon Ulasenova farzandlarining ham ana shu muhitda ulg‘ayganini ta’kidlab, Azizbek va Azizaxonning bir-biriga bo‘lgan munosabati samimiy ekanini qayd etdi.






























Izohlar 0
…