Buyuk Britaniya Starlink tizimiga muqobil sifatida stratosferadan internet tarqatmoqchi

Buyuk Britaniya Starlink tizimiga muqobil sifatida stratosferadan internet tarqatmoqchi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Buyuk Britaniya stratosferada uzoq vaqt uchib yura oladigan uchuvchisiz apparatlar yordamida internet tarqatish tizimini yaratmoqda.
  • Britaniyaning ARIA agentligi ushbu Enduring Atmospheric Platforms dasturi uchun 94 million dollar ajratdi va hozirda 18 ta turli ishlanmalar moliyalashtirilmoqda.

Buyuk Britaniya global miqyosda ommalashgan Starlink kabi sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimlariga oʻziga xos muqobil yaratish ustida ish boshladi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bu safar asosiy eʼtibor stratosferada haftalab uchib yura oladigan balandlikdagi uchuvchisiz apparatlarga qaratilmoqda. Ushbu tashabbus mamlakat hududida hamda yerusti infratuzilmasi mavjud boʻlmagan boshqa hududlarda aloqa va internet barqarorligini taʼminlashda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Britaniyaning istiqbolli tadqiqotlar va ixtirolar agentligi ARIA mazkur yoʻnalishdagi Enduring Atmospheric Platforms dasturi uchun 94 million dollar mablagʻ ajratdi. Hozirda ushbu loyiha doirasida 18 ta turli ishlanmalar moliyalashtirilmoqda. Dastur uch yarim yilga moʻljallangan boʻlib, u uch bosqichdan iborat: avval asosiy texnologiyalar yaratiladi, keyinchalik tayyor tizimlar integratsiya qilinib sinovdan oʻtkaziladi va yakunda amaliy joriy etish bosqichiga oʻtiladi.

Stratosferadagi psevdospudniklar imkoniyatlari

Loyihaning asosiy mohiyati HAPS deb nomlanuvchi balandlikdagi psevdospudniklarni qoʻllashdan iborat. Taxminan 19 kilometr balandlikda harakatlanuvchi bu uchish apparatlari minglab sunʼiy yoʻldoshlarni orbitaga chiqarmasdan turib, yirik hududlarni internet va uyali aloqa bilan taʼminlash kabi vazifalarni bajarishi koʻzda tutilgan. Dasturning bosh maqsadlaridan biri quvvati 300 W boʻlgan telekommunikatsiya uskunalarini koʻtarib yuruvchi hamda berilgan hududda kamida bir hafta uzluksiz qolola oladigan platformani yaratishdir.

Mutaxassislar va startaplar turli muhandislik yechimlarini taklif qilmoqda. Masalan, Menapia startapi Carousel loyihasini ilgari surayotgan boʻlib, u taxminan 19 km balandlikda ishlaydigan va butun Buyuk Britaniya hududini qamrab olishga qodir dronlar tarmogʻini nazarda tutadi. VFP Aerospace kompaniyasi esa boshqacha konsepsiyani rivojlantirib, bitta apparatning oʻta uzoq avtonomligiga tayanmagan holda, biri quvvat olish uchun qaytganda uning oʻrnini avtomatik ravishda boshqasi egallaydigan uzluksiz almashinuv tizimini taklif qilmoqda. Bunday dronlarning taxminiy narxi 67 ming dollarni tashkil etadi.

Noanʼanaviy yechimlar va kelajak istiqbollari

Loyihaning texnik qismi faqatgina qurilmalar dizayni bilan cheklanib qolmay, energiyani simsiz uzatish masalalarini ham oʻz ichiga oladi. Scalable Laser kompaniyasi quvvatli lazerni va fotoelektr qabul qilgichlarni qoʻllagan holda ozuqa berish tizimini ishlab chiqmoqda. Space Solar Engineering esa energiyani radiochastota va mikrotoʻlqinli nurlanish orqali uzatish yoʻllarini tadqiq qilmoqda. Eng noodatiy goyalardan birini taqdim etgan Bat universiteti tadqiqotchilari balanddagi apparatlarning uchish davomiyligini oshirish uchun ob-havo jarayonlari va relyef tufayli yuzaga keladigan atmosfera gravitatsion toʻlqinlaridan foydalanishni maqsad qilgan.

ARIA agentligi quyosh batareyalarida ishlaydigan samolyotlardan tortib, anʼanaviy vintlar oʻrniga aylanuvchi qanotlarga ega eksperimental qurilmalargacha boʻlgan turli konstruksiyalarni koʻrib chiqmoqda. Kelgusida bunday tizimlar osmondagi haqiqiy aloqa minoralariga aylanib, ulkan hududlarni murakkab sunʼiy yoʻldosh guruhlarisiz ham yuqori tezlikdagi aloqa bilan taʼminlay olishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar