Kosonsoyda 1-sinf o‘quvchisi kitob o‘qiy olmagani uchun kaltaklangani aytilmoqda

Kosonsoyda 1-sinf o‘quvchisi kitob o‘qiy olmagani uchun kaltaklangani aytilmoqda

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 39-sonli maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini kitobni o‘qib bera olmagani uchun kaltaklagani aytilmoqda. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi boshlangan.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Bola kaltaklandimi?” sarlavhasi ostida video tarqalgan. Shundan so‘ng boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, mazkur holat o‘rganila boshlangan.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, voqea 16 sentyabr kuni soat 10:30 lar atrofida, 3-dars vaqtida sodir bo‘lgan. Unda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisi kitobni o‘qib bera olmagani sababli uni bir necha bor urgan.

Hozirda holatga huquqiy baho berish, shuningdek, voqeaga aloqador mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini o‘rganish maqsadida xizmat tekshiruvi davom ettirilmoqda.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, maktab rahbariyati va o‘qituvchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratilishini bildirgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar