
93rd Mechanized Brigade / EPA / Scanpix / LETA
Moskva Rossiya-Ukraina urushini hozirgi toʻqnashuv chizigʻi boʻyicha muzlatish imkoniyatini istisno qilmoqda, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
«„Keling, tutashuv chizigʻini shu holida qoldiraylik — bu Rossiya, bunisi esa Ukraina“, degan gʻoyalar boʻldi. [...] Bunday boʻlmaydi, bizda odamlarning xohish-irodasiga asoslangan Konstitutsiya bor», — degan u.
Rossiya 2022 yil sentyabrida oʻzini oʻzi e'lon qilgan DXR va LXR, shuningdek Zaporijjya va Xerson oblastlarini anneksiya qilganini e'lon qilgandi. Endi Rossiya Konstitutsiyasiga muvofiq, bu toʻrt region Rossiyaning bir qismi hisoblanadi — va shuning uchun uning tarkibidan chiqarib boʻlmaydi.
Rasmiy nuqtayi nazardan, anneksiya paytida ularning hech biri toʻliq Rossiya nazorati ostida boʻlmaganiga qaramay, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga koʻra, toʻrtala region ma'muriy chegaralari boʻyicha toʻliq Rossiya tarkibiga kiritilgan. Rossiya qurolli kuchlari anneksiyadan bir necha hafta oʻtgach Xersonni tashlab chiqqandi, Zaporijjya oblastining shu nomdagi markaziga esa hech qachon rossiyalik harbiylar nazorati ostida boʻlmagan.
Hozirda Donesk oblastining taxminan 62,6 foiz, Luhansk oblastining 98,6 foiz, Xerson oblastining 69,3 foiz va Zaporijjya oblastining 71,9 foiz qismi rossiyaliklar nazorati ostida.
Harbiy harakatlarni toʻqnashuv chizigʻi boʻylab toʻxtatish va Ukrainaning bosib olingan hududlarini de-fakto Rossiya nazoratida qoldirgan holda tinchlik kelishuvi tuzilishi hozirda urushni tugatishning asosiy varianti sifatida koʻrib chiqilmoqda.
Ukraina hukumati avvalroq mojaroni toʻqnashuv chizigʻi boʻylab muzlatish imkoniyatiga rozi boʻlgandi. Shu bilan birga, Kiyev tinchlik shartnomasi imzolangan taqdirda Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan hududlarni (shuningdek, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimni) Rossiyaga tegishli deb tan olmasligi va ularni ishgʻol etilgan hududlari deb hisoblashda davom etishini bir necha bor ta'kidlagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu masalani Kiyev pozitsiyasidagi «qizil chiziq» deb atagan. Ukraina Konstitutsiyasi, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi kabi, mamlakat hududining biror qismidan voz kechish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Tramp Rossiyadan sanktsiyalarni olib tashlash haqida hozircha gap yoʻqligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp hozirda muzokaralar jarayonining bir qismi sifatida Rossiyadan sanktsiyalarni olib tashlash imkoniyati koʻrib chiqilmayotganini aytdi, ammo kelajakda bunday boʻlishi mumkinligini istisno qilmadi.
«Yoʻq, hozircha sanktsiyalarni hech kim bekor qilgani yoʻq. Oʻylaymanki, qachondir biz buni koʻrib chiqamiz, ammo hozircha yoʻq», — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga muzokaralar doirasida cheklovlar bekor qilinishi ehtimoli toʻgʻrisidagi savolga javoban.
Bir hafta oldin AQSh moliya vaziri Skott Bessent sanktsiyalar qisman bekor qilinishi urushni tugatish boʻyicha muzokaralar mavzusi boʻlishi mumkinligini ma'lum qilgan edi. Shu bilan birga, u AQSh tomoni Rossiyaning muloqotga tayyorligiga qarab, cheklovlarni yumshatishi yoki kuchaytirishi mumkinligini ta'kidlagandi. Oʻshanda Bessent Trampning urushni toʻxtatish rejasi doirasida Vashington Moskvaga shunday deyishga tayyorligini bildirgandi: «Juda aniq xabar bilan muzokaralar stoliga oʻtiring, agar zarurat boʻlsa, biz sanktsiyalarni kuchaytiramiz».
Taxminan shu vaqtda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib, AQSh davlat kotibi Marko Rubio yevropalik ittifoqchilarni Tramp ma'muriyati hech boʻlmaganda urushni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishilmaguncha sanktsiyalarni saqlab qolishiga ishontirgani haqida yozgandi. Agentlik ma'lumotlariga koʻra, bu Rossiya va AQSh vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralaridan soʻng darhol sodir boʻlgan.
Bloomberg oʻshanda AQSh davlat kotibining va'dalarini Vashingtonning Moskva bilan kelishuvi sanktsiyalarni muddatidan oldin bekor qilishni oʻz ichiga olishi va bu Evroittifoqning Rossiyani urush olib borish uchun puldan mahrum qilishga urinishlariga jiddiy zarba boʻlishidan xavotirga tushgan Evropa uchun «biroz yengillik» deb ta'riflagandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar