
Donald Tramp ikkinchi marta prezidentlik lavozimini egallab, 20 yanvardan ishga kirishgandan beri oradan 9 hafta o‘tib, kongressning qo‘shma yig‘ilishida nutq so‘zladi. Ikki soatga yaqin davom etgan tadbirda Trampning zalga kirib kelishi va kongress a’zolari, asosan respublikachilar bilan ko‘rishishi uchun zaldagilar qariyb yarim soat prezidentni olqishlay-olqishlay tikka turishdi. Nutqi avvalida Tramp rafiqasi sharafiga ham yig‘ilganlarni tinmay qarsak chaldirtirdi.
Demokrat siyosatchi zaldan quvildi
Prezident ichki va tashqi siyosatda hozirgacha aytib kelgan gaplarini yana bir bor tasdiqdan o‘tkazib, «Amerika orzusi»ni hech kim to‘xtatolmasligini gapirdi. Shov-shuvli o‘tgan kongressga murojaat demokratlarning noroziligi bilan hamohang bo‘ldi. Hattoki, Tramp nutqi boshlanishi bilan ozgina vaqt o‘tmasdan demokrat kongressmen, Texasdan saylangan amerikalik siyosatchi va huquqshunos El Grin joyidan turib olib, baqirgan holatda unga qarshilik bildirdi.
Tramp sobiq prezident Jo Bayden va saylovlar haqida gapirishni boshlarkan, boshqa demokratlar ham norozilik sifatida qo‘llaridagi yozuvlarni ko‘tarishdi. Zaldagi shovqin prezident nutqiga xalal bera boshlagach, respublikachilardan bo‘lgan kongress spikeri Mayk Jonson kongress a’zolarini jimlikni saqlashga chaqirdi va kim qoidalarga amal qilmasa, chiqarib yuborishlarini qo‘shimcha qildi.
Biroq demokrat kongressmen El Grin baribir baqirishda davom etdi va spiker uni majburan zaldan chiqarib yubordi.
“Rahmat senga, Ilon” – Tramp
Prezident juda uzoq nutq so‘zladi, avvalo u 4 yil uchun rejalarini bayon qildi. Administratsiyasining 6 haftalik ishini juda faol baholadi. 100 daqiqa davom etgan nutqning boshida Tramp milliarder ittifoqchisi, bugun Oq uyda davlat xarajatlarini qisqartirish amali berilgan Ilon Maskka alohida minnatdorlik bildirib, u tinmay ishlayotganini aytdi, Ilonni maqtadi. Mask esa joyidan turib olib, xursandligini yashirmadi.
"Rahmat senga, Ilon. Aslida bu ish unga kerak emas", dedi 78 yoshli Tramp Maskni maqtarkan.
Ilon hukumat samaradorligi departamentiga rahbarlikni boshlagandan beri 10 mingdan ortiq federal ishchilarni ishdan haydadi, xalqaro yordamni uzib qo‘ydi. AQSH hukumatining turli dasturlarini ham to‘xtatib qo‘ydi. Tramp nutqida isrofgarchilik deb bilgan ba’zi holatlarini sanab o‘tdi, masalan, Afrikaning Lesoto davlatidagi keraksiz loyihalar uchun 8 million dollar sarflangan. Buni hech kim eshitmagan, hech kimga aytishmagan, dedi prezident. Demokratlar esa «Mask o‘g‘ri», «Yolg‘on» degan yozuvlarni ko‘tarib turishdi. Ma’lum qilinishicha, Maskning departamenti allaqachon 105 mlrd dollarni tejagan, lekin buni aniq tekshirishning iloji yo‘q.
Demokratlar prezidentni masxara qildi
Majlisning ikkinchi muhim voqeasi – muxolif demokratlarning Trampni masxara qilgani bo‘ldi. Deyarli butun nutq davomida ular «Yolg‘on» degan yozuvlarini tushirishmadi. Biroq ayni vaziyatda Oq uy, Vakillar palatasi va Senat Respublikachilar nazorati ostida, demokratlar kuchsiz. Demokrat ayollar Tramp nutqi vaqtida «qarshilik» so‘zi yozilgan kiyim kiyib o‘tirishgandi va o‘nlab qonunchilar nutqni eshitmasdan palatani tark etishdi.
Tramp esa bunga reaksiya bildirib, men ularni baxtli qilish uchun hech nima aytolmayman, deb qo‘ydi.
Keyingi masala – Ukraina. Tramp kongressga murojaatida Ukraina prezidentidan xat olgani, Zelenskiy urushni yakunlash uchun muzokara stoliga o‘tirishga tayyorligini yozganini aytdi. Bu xat uchun Zelenskiyga rahmatini bildirdi.
“Bojlar bizni boy qiladi” – Tramp
Tramp to‘xtalgan yana bir mavzu bu – savdo urushi, ya’ni bojlar siyosati. Bojlar Amerikani yanada boy qilish uchun, deydi prezident. Boshqa gaplariga reaksiyadan farqli o‘laroq, respublikachilar ham Kanada, Meksika va Xitoyga joriy qilinayotgan bu bojlar masalasida xavotirli ko‘rindi. Boshqa gaplarga chalingan tinimsiz qarsak, boj mavzusida uncha yangramadi. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Kanada va Meksika bilan bu bojlar 2 apreldan yozila boshlanadi. Avvalroq AQSH savdo vaziri ham intervyusida allaqachon Amerika bunga tayyorligini aytgandi.
Tramp Amerikadagi inflyatsiya va narx-navoning oshishida yana Baydenni aybladi. Oxirgi haftalarda media tuxum narxining keskin oshganini yozarkan, buni ham Tramp Baydendan ko‘rdi. «Bilasiz, biz oxirgi ma’muriyatdan iqtisodiy falokat va inflyatsiyani meros qilib oldik. Jo Bayden ayniqsa, tuxum narxining nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yib berdi. Biz endi uni qaytarish uchun juda ko‘p harakat qilyapmiz», dedi prezident.
VVS nashrining yozishicha, parranda grippi sabab xavfsizlik uchun Bayden ma’muriyati parrandalarni ommaviy yo‘q qilishni buyurgan, bu esa tuxum narxi oshib ketishiga sabab bo‘lgan.
Inflyatsiya masalasida esa o‘tgan oy bu 3 foizni tashkil qilgan. Reuters so‘roviga ko‘ra, har 3 amerikalikdan faqat biri yashash narxlaridan rozi.
Saratonga chalingan bola xavfsizlik xodimi bo‘ldi
Trampning nuqtida media e’tiborini qaratgan yana bir holat – miya saratoni tashxisi qo‘yilgan bolaning xavfsizlik xizmatiga ishga olinishi bo‘ldi. Gap shundaki, prezident politsiyachisi bo‘lishni orzu qilgan 13 yoshli Daniyel bugun miya saratoni bilan og‘riydi. Tramp bundan xabar topib, uni tezda ishga olishga va xavfsizlik xizmati xodimi sifatida qasamyod qildirishga buyruq berdi. Shunda unga maxfiy xizmat nishonini o‘tgan yilning iyul oyida Pensilvaniyada Trampga suiqasd uyushtirilganida uni himoya qilgan Sean Kurran tizim xodimligi nishonini topshirdi. Buni esa qonunchilar iliq qabul qilishdi, demokratlardan ham kongress a’zolari qarsak chalishdi.
Panama, Grenlandiya, migratsiya, G‘azo
Tramp Panama kanali haqida ham fikr bildirarkan, bu kanalni amerikalik qurganini alohida gapirib o‘tdi. Kanalni biz qurganmiz, boshqalarga xizmat qilsin, deb qurmaganmiz. O‘n minglab ishchilar shu inshootni quraman deb o‘lib ketdi, u Amerika xalqiga xizmat qilishi kerak, dedi prezident.
Panama va Grenlandiyani qaytarib olish bo‘yicha prezident va’dasiga sodiq ekanini yana aytdi.
Immigratsiya siyosati haqida gapirarkan, chegarani yopgani, noqonuniy muhojirlar davlatiga chiqarib yuborilayotganini aytdi. Bu borada Amerika darvozalarini lang ochib qo‘ygani uchun o‘tmishdoshi Baydenni jiddiy tanqid qildi. Umuman Tramp kongressga murojaati davomida 12 marta Baydenning ismini tilga oldi. “Amerikaning eng yomon prezidenti Bayden davrida chegarani kesib o‘taman degan 50 mingdan ortiq muhojirlar bor edi", dedi u.
Yaqin Sharq borasida fikr bildirarkan, Tramp mintaqani «qo‘pol mahalla» deya atadi. Biroq kutilganidek u G‘azoni o‘zlashtirish va u yerda yashovchilarni boshqa davlatlarga ko‘chirish haqida gapirmadi. Amerika mediasi yozganidek, G‘azo masalasida Tramp xuddi Panama va Grenlandiyani olishdagi kabi qat’iy emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar