400 ming yillik topilma inson tarixi haqidagi sirni oshkor qildi

Olimlar qadimgi inson ajdodi hisoblangan Homo erectus tishlarini o‘rganib, ular boshqa qadimgi inson turlari bilan aralashgan bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari Associated Press tomonidan e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoydan topilgan va taxminan 400 ming yil avval yashagan Homo erectus'ga tegishli besh erkak va bir ayolning tishlarida genetik izlar aniqlangan.
Olimlar ilgari uchramagan genetik mutatsiyani ham topgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu Sharqiy Osiyoda yashagan Homo erectus guruhiga xos noyob belgi bo‘lishi mumkin.
Yana bir mutatsiya esa yo‘qolib ketgan Denisova insonlari hamda zamonaviy insonlarning juda kichik qismida aniqlangan. Bu esa qadimgi inson turlari o‘zaro gen almashgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Homo erectus ayrim genlarni Denisovalarga o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik ushbu genlar zamonaviy inson ajdodlariga ham o‘tib, bugungi kungacha saqlanib qolgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar inson evolyutsiyasi tarixini to‘liq anglash uchun yana ko‘proq DNK namunalari va suyak qoldiqlarini topish zarurligini ta’kidlamoqda.





























Izohlar 0
…