date
views 0

Donald Trampga qarshi navbatdagi impichment: Prezident demokratlarni keskin tanqid qildi

Donald Trampga qarshi navbatdagi impichment: Prezident demokratlarni keskin tanqid qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Demokratik partiya vakillarining o‘zini yana bir bor impichment qilish bo‘yicha boshlagan tashabbusini qoralab, buni siyosiy bosim va to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum, deb atadi. Mamlakat rahbari demokratlarning bu harakatlariga qarshi keskin munosabat bildirib, respublikachilarga ham o‘z navbatida ularning qonunbuzarliklari uchun impichment jarayonini boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda prezident o‘zining "X" ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasida ma’lum qildi.

“Demokratlar butunlay o‘zini nazorat qila olmay qolgan. Radikal so‘l qanot vakillari yana bir bor impichment mavzusini ko‘tarmoqda. Hech kim tanimaydigan va hech kim hurmat qilmaydigan ikki nafar kongressmen yana Donald Trampga impichment e’lon qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishdi. Ular taxminan yigirmanchi marta impichment haqida gapirishmoqda, nima uchun ekanini o‘zlari ham bilmasdan”, deb yozgan Tramp o‘zining sahifasida.

Tramp demokratlarning bu harakatlarini kinoyali tarzda sharhlab, ularning mantig‘iga ko‘ra, u mamlakat chegaralarini himoya qilgani, inflyatsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rgani hamda Ukraina va Eron bo‘yicha qattiq siyosat yuritgani uchun ayblanayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, aynan uning qat’iy siyosati Eronning moliyalashtirilishini cheklagan va agar bu qilinmaganida, 7 oktyabr kuni Isroilga qilingan hujum kabi voqealar yuz bermasligi mumkin edi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Demokratik partiya vakillari impichmentdan qurol sifatida foydalanmoqda va “Amerika uchun muhim bo‘lgan barcha qadriyatlarga qarshi kurash olib bormoqda”.

Buning ortidan Tramp partiyadoshlariga ham qaratilgan chaqiriq bilan chiqdi: “Balkim biz ham demokratlar o‘ynayotgan o‘yin qoidalari asosida harakat qilib, ularni ham haqiqiy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish va Kongressdan chetlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishimiz kerakdir?”

Eslatib o‘tish joizki, AQSH prezidenti Donald Trampga 2019 va 2021 yillarda ham ikki marta impichment e’lon qilingandi. Biroq bu ayblovlar Senat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan va natijada prezident o‘z lavozimida qolgandi.

Ayni vaqtda Amerika ommaviy axborot vositalari yangi impichment urinishining sababi sifatida demokratlar tomonidan ilgari surilgan tashqi siyosat masalalari va Kongressga tazyiq o‘tkazilgani kabi ayblovlar keltirilmoqda.

Jumladan, 29 aprel kuni Demokratik partiya vakili, amerikalik kongressmen Shri Tanedar prezident Donald Trampga qarshi impichment bo‘yicha rezolyutsiya taqdim etgan edi. Ushbu hujjatda quyidagi ayblovlar mavjud: odil sudlovga to‘sqinlik qilish, xalqaro tajovuzkorlik, qonunga zid ravishda idoralar tashkil etish, korrupsiya hamda hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish.

Hozirda ushbu mavzudagi siyosiy tortishuvlar AQSH siyosiy doiralaridagi asosiy muhokamalardan biriga aylangan bo‘lib, yangi impichment tashabbusi qanday yakun topishi ko‘plab tahlilchilarning diqqat markazida turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trampga qarshi navbatdagi impichment: Prezident demokratlarni keskin tanqid qildi