date
views 359

Qor ostida 2 soat yotdi: shveysariyalik pauerlifterdan rekord sinov!

Qor ostida 2 soat yotdi: shveysariyalik pauerlifterdan rekord sinov!
Shveysariyalik professional pauerlifter Elias Meyer o‘zini jismoniy va ruhiy jihatdan sinovdan o‘tkazib, inson chidamliligining mutlaq chegaralarini qayta belgiladi. U Ginnesning rekordlar kitobiga kirib, eng uzoq vaqt davomida qor ostida qolish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.

Meyerning g‘ayrioddiy sinovi Shveysariya tog‘larida o‘tkazildi. U qor qatlami ayniqsa zich va chuqur bo‘lgan joyni tanladi. Harorat esa −10°C darajani tashkil qilardi. Elias bunday murakkab sharoitda to‘xtovsiz ikki soat va yetti soniya davomida qor ostida qolib, bu boradagi oldingi rekordni 22 daqiqaga yangiladi. Ilgari ushbu natija polyak sportchisi Valerian Romanovskiyga tegishli bo‘lib, u 2022 yilda bir soatu 45 daqiqa qor ichida qolgan edi.

Bu rekord tasodifiy emas. Meyer uzoq vaqt davomida maxsus tayyorgarlik ko‘rgan, tanasini qattiq sovuq va bosimga chidaydigan darajagacha o‘rgatgan. Uning ta’kidlashicha, eng qiyin tomon qorning sovuqligi emas, balki uning og‘ir bosimi bo‘lgan:

“Men uchun eng og‘ir narsa sovuq emasdi. Qorning og‘irligi yelka va tirsaklarimga qattiq bosim berdi. Ammo ruhiy jihatdan tayyor bo‘lgan inson tanasi aql bovar qilmas ishlarga qodir”, – dedi Meyer o‘z bayonotida.

Uning so‘zlariga qaraganda, bu sinov orqali u inson irodasi va tanasining cheksiz salohiyatini namoyon qilmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, u har qanday natiqani erishishda jismoniy tayyorgarlik bilan bir qatorda, ruhiy barqarorlik ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Elias Meyerning rekordi nafaqat sport dunyosida, balki inson imkoniyatlari chegarasini sinashga qiziquvchi barcha muhitda katta qiziqish uyg‘otdi. Uning bu yutug‘i Ginnesning rasmiy saytida e’lon qilindi va butun dunyo media maydonlarida keng yoritilmoqda.

Shunday qilib, qor ostidan chiqqan Meyer nafaqat sovuqni yengdi, balki millionlab insonlarga ilhom manbai bo‘ldi.

Foto: Guinness World Records.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qor ostida 2 soat yotdi: shveysariyalik pauerlifterdan rekord sinov!