date

Tramp Tomahawk qanotli raketalarini Ukrainaga berishni ko‘rib chiqmoqda

Tramp Tomahawk qanotli raketalarini Ukrainaga berishni ko‘rib chiqmoqda
Yangi geosiyosiy bo‘ron ostonasidami? AQSHda prezident Donald Trampning Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi qanotli Tomahawk raketalarini berish imkonini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi, deb xabar berdi washingtonpost.com.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 11 iyul kuni AQSH hukumatida Tomahawk raketalarining taqdiri bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilgan. Bu raketalar avvalroq Eronga nisbatan havo hujumlarida qo‘llangan edi. Shu bois, ularning Ukrainaga o‘tishi katta siyosiy va harbiy o‘zgarishlarni olib kelishi mumkin. Hozircha bu qurollar Ukrainaga ajratiladigan rasmiy ro‘yxatga kiritilmagan, biroq kelgusida vaziyat keskin o‘zgarishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bilan birga, Pentagon manbalari AQSH hukumati Ukrainada mavjud bo‘lgan ATACMS raketalariga masofaviy cheklovlarni olib tashlashi mumkinligini ham ma’lum qildi. Agar bu amalga oshsa, ukrainalik harbiylar 300 kmgacha bo‘lgan masofada zarba berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa Rossiya hududidagi ko‘plab harbiy obyektlarni nishonga olishga yo‘l ochadi.

Ayniqsa, Donald Tramp bilan Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. WP yozishicha, Tramp undan: “Nega Moskvaga zarba bermayapsizlar?”, deb so‘ragan. Zelenskiy esa: “Agar bizga yetarli qurol bersangiz, buni amalga oshiramiz”, deb javob qilgan. Bundan so‘ng Tramp Ukraina nafaqat Moskva, balki Sankt-Peterburgni ham nishonga olishi kerakligini aytgan.

14 iyul kuni esa AQSH va Yevropa Ittifoqi Kiyevga qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Ular orasida Patriot tizimlari va ularga mos raketalar, shuningdek, ehtimoliy hujumkor qurollar ham bo‘lishi mumkin.

Axios manbalari ta’kidlashicha, yangi harbiy yordam paketi Rossiya hududlarini nishonga olish imkonini beradigan uzoq masofali raketalarni ham o‘z ichiga oladi. Agar bu amalga oshsa, Ukraina armiyasi birinchi marta Moskva va Sankt-Peterburgga tahdid darajasidagi qurollarga ega bo‘ladi.

Jahon sahnasida vaziyat yanada shiddatlanishi mumkin. Chunki bu kabi qarorlar nafaqat Rossiya–Ukraina munosabatlariga, balki butun Yevroosiyo xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadi. Hammasi endi AQSH siyosiy qarorlari va Rossiyaning reaksiyasiga bog‘liq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Tomahawk qanotli raketalarini Ukrainaga berishni ko‘rib chiqmoqda