date

Hindiston: Pokiston bilan mojaroni AQSh bosimi ostida to‘xtatmadik

Hindiston: Pokiston bilan mojaroni AQSh bosimi ostida to‘xtatmadik
Hindiston Mudofaa vazirligi AQSh prezidenti Donald Trampning Hindiston-Pokiston mojarosini to‘xtatishda Vashington vositachilik qilgani haqidagi da’volarini rad etdi. Mudofaa vaziri Rajnat Singh parlamentdagi chiqishida “harbiy harakatlar hech qanday bosim ostida emas, balki belgilangan strategik maqsadlar to‘liq amalga oshirilgach” yakunlanganini bildirdi.

Ushbu bayonot 22 aprel kuni Hindistonga qarashli Kashmirdagi Pahalgam shahrida 26 nafar sayyohning halok bo‘lishi bilan yakunlangan terakt yuzasidan 28 iyul kuni parlamentda boshlangan muhokama vaqtida yangradi. Hindiston ushbu hujum ortida Pokiston turganini aytgan, Islomobod esa ayblovlarni inkor qilgan.

Hujum ortidan Hindiston “Operation Sindoor” nomli harbiy harakatlarni boshlagan bo‘lib, to‘rt kun davomida ikki davlat o‘rtasida keskin harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng jiddiy qarama-qarshiliklardan biri sifatida qayd etildi.

Prezident Tramp mojaro yakunida AQSh vositachiligi natijasida o‘t ochish to‘xtatilganini bir necha bor bayon qilgan. Ammo Singh bu da’volarni "asossiz va mutlaqo noto‘g‘ri" deb baholadi.

“Harbiy operatsiyalar faqat bizning siyosiy va harbiy maqsadlarimizga erishilganidan keyin to‘xtatildi”, — dedi u Lok Sabxada (quyi palata). U, shuningdek, Pokiston Harbiy operatsiyalar boshqarmasi direktori tomonidan berilgan “yordam so‘rovi” asosida qaror qabul qilinganini bildirdi. Pokiston tomoni bu da’volarga hozircha javob bermagan.

Singhning aytishicha, 22 daqiqa davom etgan zarbalar davomida Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida joylashgan 9 ta terrorchilik infratuzilmasiga hujum qilingan. Natijada “100 dan ortiq terrorchi, ularning murabbiylari va yordamchilari” yo‘q qilingan.

Hindiston hukumati bu harakatni “Pahalgamdagi terror xurujida halok bo‘lganlar oilalariga adolat ta’minlash” deb baholadi. Shu bilan birga, muxolifat vakillari Islomobodning Hindistonning besh harbiy samolyoti va bir uchuvchisiz qurilmasini urib tushirganiga doir bayonotlarini eslatib, hukumatdan izoh so‘rashdi. Singh bu ma’lumotni rad etdi va hind harbiy infratuzilmasiga zarar yetmaganini ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, agar Pokiston tomonidan yana biron bir tajovuz bo‘lsa, Hindiston harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyor ekanini bildirdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston: Pokiston bilan mojaroni AQSh bosimi ostida to‘xtatmadik