Janubiy Koreyada tug‘ilish ko‘paydi, ammo o‘limlar soni undan ham ko‘p

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mamlakatda 258 ming 242 nafar chaqaloq tug‘ilib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan taxminan 15 ming nafarga ko‘proq bo‘lib, so‘nggi yillarda kuzatilayotgan pasayish fonida muayyan umid uyg‘otdi. Ammo shu bilan bir vaqtda, vafot etganlar soni 366 ming 149 nafarni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan yanada oshgan.
Natijada tug‘ilishlar va o‘limlar o‘rtasidagi farq 107 ming nafardan ortiqni tashkil etib, tabiiy aholi kamayishi olti yildan buyon to‘xtamay kelayotgani qayd etildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p tug‘ilish Geonggi provinsiyasida qayd etilgan — bu yerda 77 mingdan ortiq bola dunyoga kelgan. Undan keyin Seul va Incheon shaharlari joy olgan. Shaharlar orasida esa Hvasong shahri tug‘ilishlar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda.
Demografik tarkib tahlili shuni ko‘rsatadiki, aholining eng katta ulushini 50 yoshdagilar tashkil etmoqda. Keyingi o‘rinlarda 60 yosh va undan yuqori bo‘lganlar hamda o‘rta yoshlilar joy olgan. Bolalar va yoshlar soni esa yil sayin qisqarib bormoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tug‘ilishdagi qisman o‘sishga qaramasdan, aholining qarishi va yosh avlod ulushining kamayishi Janubiy Koreya uchun uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois mamlakat hukumati demografik inqirozni yumshatishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing