Dior va Chanel sumkalari uchun 7 yil: Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonim qamaldi

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Gon Xi hashamatli sovg‘alar ko‘rinishida pora olganlikda aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Sudga ko‘ra, sobiq prezident Yun Sok Yolning rafiqasi tadbirkorlar va amaldorlarning turli masalalarini hal qilib berish evaziga qimmatbaho buyumlar qabul qilgan.
Sovg‘alar orasida Dior va Chanel brendlarining sumkalari, qimmatbaho zargarlik buyumlari, soat va boshqa hashamatli ashyolar bo‘lgani aytilmoqda. Sud Kim Gon Xi prezident rafiqasi sifatidagi ta’siridan manfaatdor shaxslarga yordam berish uchun foydalangan, degan xulosaga kelgan.
Qayd etilishicha, sobiq birinchi xonim sud qaroridan norozi va uning himoyachilari hukm ustidan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.
Kim Gon Xining turmush o‘rtog‘i, Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol esa 2024 yildagi harbiy holat e’loni bilan bog‘liq ish bo‘yicha davlatga qarshi isyonga rahbarlik qilganlikda ayblanib, shu yil fevralida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.































Izohlar 0
…