Kim Chen In nega onasi haqida hech qachon gapirmaydi?

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In hayotiga oid ko‘plab sirlar mavjud. Ular orasida eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri — uning onasi haqidagi ma’lumotlarning nega qattiq sir saqlanayotganidir. BBC tahlilida qayd etilishicha, Kim Chen In hokimiyatga kelganiga 15 yilga yaqin vaqt bo‘lganiga qaramay, shu kungacha onasining ismini omma oldida biror marta ham tilga olmagan.
Tahlilga ko‘ra, buning asosiy sababi Shimoliy Koreyadagi hokimiyatning Pektusan qon sulolasi haqidagi rasmiy g‘oyaga tayanishi bilan bog‘liq. Mamlakat targ‘ibotida Kimlar sulolasining hukmronligi aynan shu muqaddas avlodga mansubligi bilan asoslanadi.

Biroq Kim Chen Inning onasi Ko Yon Xining kelib chiqishi bu tasavvurga to‘liq mos kelmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 1952 yil Yaponiyaning Osaka shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi asli hozirgi Janubiy Koreya hududidagi Cheju orolidan bo‘lib, Yaponiya mustamlakasi davrida u yerga ko‘chib o‘tgan koreyslardan sanalgan. Keyinchalik oila Shimoliy Koreyaga ko‘chib kelgan.
O‘sha davrda Yaponiyadan kelgan koreyslar mamlakatda «jjepo» deb atalgan toifaga kiritilgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ular xorij ta’siriga uchragan qatlam sifatida baholangan, davlat nazorati ostida yashagan hamda nufuzli ta’lim va yuqori lavozimlarga erishishda cheklovlarga duch kelgan.
Shunga qaramay, Ko Yon Xi elita san’at jamoasida faoliyat yuritgan vaqtda Kim Chen Irning e’tiborini qozongan. Garchi u rasmiy turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan bo‘lsa-da, ularning uch nafar farzandi dunyoga kelgan. Keyinchalik aynan ulardan biri — Kim Chen In mamlakat rahbariga aylangan.

Tahlillarga ko‘ra, Kim Chen Irning boshqa farzandlari ham voris sifatida ko‘rilgan. Biroq katta o‘g‘li Kim Chen Nam merosiy hokimiyat tizimini tanqid qilgani va islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun otasining ishonchini yo‘qotgan. U 2017 yilda Malayziyada o‘ldirilgan. Yana bir o‘g‘li Kim Chen Chxol esa turli sabablarga ko‘ra vorislikdan chetlatilgan. Natijada 2011 yil Kim Chen Ir vafotidan keyin hokimiyat Kim Chen In qo‘liga o‘tgan.
Ekspertlar fikricha, Kim Chen Inning onasi haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi mamlakatdagi merosiy hokimiyat tizimining legitimligi bilan bog‘liq. Shu sababli uning tug‘ilgan kuni ham bobosi va otasiniki kabi davlat bayrami sifatida nishonlanmaydi.

Tahlilchilar yana bir jihatga e’tibor qaratadi: Kim Chen In turmush o‘rtog‘i Ri Sol Chju va qizi Ju Eni jamoatchilikka erta tanishtirgan. Ayrim ekspertlar bu orqali u o‘z oilasining qonuniyligi haqidagi ehtimoliy savollarga oldindan javob berishga harakat qilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Mutaxassislar fikricha, Kim Chen Inning onasi haqidagi ma’lumotlar keng muhokama qilinishi mamlakatda yillar davomida shakllantirilgan rasmiy g‘oyalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois bu mavzu hozirgacha Shimoliy Koreyadagi eng yopiq va sirli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…