Kayan ayollari nega bo‘yinlariga halqa taqadi?

Myanmaning Kayah shtatida yashovchi Kayan xalqining Lahvi guruhi ayollari bo‘yinlariga jezdan tayyorlangan spiral halqalarni taqib yuradi. Qizlar odatda halqalarni bolalikdan, ayrim kuzatuvlarga ko‘ra taxminan 5 yoshdan taqa boshlaydi va ulg‘aygani sari ularning uzunligi hamda o‘ramlari ko‘paytiriladi. Halqalar bo‘yinni aslida cho‘zmaydi, balki yelka va ko‘krak qafasiga bosim berib, o‘mrov suyagi hamda tana tuzilishining o‘zgarishi hisobiga bo‘yinni uzunroq ko‘rsatadi.
Go‘zallik tushunchasi barcha davr va jamiyatlarda bir xil bo‘lmagan. Turli xalqlar tashqi qiyofa, kiyim-kechak, taqinchoq va tana bezagiga o‘z madaniy qarashlari, urf-odatlari hamda ijtimoiy qadriyatlari asosida ma’no yuklagan. Ayrim jamiyatlarda oddiy taqinchoq hisoblangan buyum boshqa bir xalq uchun ayollik, mavqe yoki milliy o‘zlikning muhim belgisi bo‘lishi mumkin.
Buning eng ko‘p tilga olinadigan misollaridan biri — Myanmaning Kayah shtatida yashovchi Kayan xalqining ayrim ayollari orasidagi bo‘yin halqalarini taqish an’anasi. Kayanlar Karen xalqlari tarkibidagi etnik guruhlardan biri bo‘lib, ularning Lahvi guruhi ayollari jezdan tayyorlangan spiral halqalarni bo‘yinlariga taqib yurishi bilan mashhur. Bu odat ayniqsa Demoso hududida qayd etilgan.
Qizlar bolalikdan boshlab halqa taqqan
Manbalarda Kayan qizlari bo‘yin halqalarini bolalik davridan taqa boshlagani qayd etiladi. Ayrim kuzatuvlarda bu jarayon taxminan 5 yosh atrofida boshlanishi, keyinchalik qiz ulg‘aygani sari spiralning uzunligi va o‘ramlari ko‘paytirib borilishi aytiladi.

Bu odatni faqat tashqi ko‘rinish bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. 2017 yilda Atsuko Shimoda va Seiji Ohsava tomonidan e’lon qilingan tadqiqotda bo‘yin halqalari Kayan ayollarining o‘zini namoyon etishi va go‘zallik haqidagi tasavvurlari bilan bog‘liq ekani o‘rganilgan. Shu bilan birga, ayollarning o‘zlari halqalarning og‘ir va noqulay ekanini ham tan olgan.
Tadqiqotda yana bir qiziqarli raqam keltiriladi. 2014 yildagi kuzatuvlar hamda Shimodaning 2015 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Kayah shtatining Demoso hududidagi to‘rtta qishloqda jami ayol aholining 10,6 foizi bo‘yin halqasi taqqan. Tadqiqot materiallarida bu 85 nafar ayolga teng ekani ko‘rsatilgan.

Bo‘yin aslida uzaymaydi
Kayan ayollari haqidagi eng mashhur tasavvurlardan biri — halqalar bo‘yinni cho‘zadi degan qarash. Ilmiy kuzatuvlar esa vaziyat biroz boshqacha ekanini ko‘rsatadi.
Jez spiralning og‘irligi yillar davomida yelka va ko‘krak qafasining yuqori qismiga bosim beradi. Natijada o‘mrov suyagi pastga siljiydi va ko‘krak qafasining yuqori qismi shakli o‘zgaradi. Shu sababli bo‘yin ancha uzun ko‘rinadi. Ya’ni bo‘yin umurtqalari oddiy ma’noda cho‘zilib ketmaydi — uzun bo‘yin tasavvuri asosan tana tuzilishidagi o‘zgarishlar hisobiga paydo bo‘ladi.
2015 yilda e’lon qilingan antropometrik tadqiqotda ham bo‘yin halqasini bolalikdan taqishning tana proporsiyalariga ta’siri o‘rganilgan. Tadqiqotchilar ta’sir ayniqsa o‘smirlik davridan boshlab sezila boshlashini qayd etgan.
Shu bilan birga, bu an’ananing kelib chiqishi haqida yagona, ilmiy jihatdan qat’iy qabul qilingan izoh mavjud emas. Turli davrlarda himoyalanish, qabila o‘zligini saqlash, ijtimoiy mavqe va go‘zallik haqidagi qarashlar bilan bog‘liq turli taxminlar ilgari surilgan. Tadqiqotchilar esa an’ananing aniq kelib chiqishi hali ham bahsli ekanini ta’kidlaydi.































Izohlar 0
…