Markaziy Osiyoda sun’iy yomg‘ir texnologiyasi sinovdan o‘tkazilmoqda

Qozog'iston 2026 yil may oyida sun'iy yog'ingarchilik texnologiyasini amaliyotga joriy etgan Markaziy Osiyodagi ilk davlat bo'ldi. Turkiston viloyatida 17 maydan boshlangan pilot loyiha 911 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini qurg'oqchilikdan himoya qilishga qaratilgan bo'lib, unda Qozog'iston mutaxassislari BAA Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlik qilmoqda.
Markaziy Osiyoda suv tanqisligi va qurg‘oqchilikka qarshi yangi texnologiyalar sinovdan o‘tkazilmoqda. Qozog‘istonning Turkiston viloyatida bulutlarga sun’iy ta’sir ko‘rsatib, yog‘ingarchilikni ko‘paytirishga qaratilgan pilot loyiha amalga oshirilmoqda.
Qozog‘iston 2026 yil may oyida ushbu texnologiyani amaliyotga joriy etgan Markaziy Osiyodagi ilk davlat bo‘ldi. Loyiha 17 maydan boshlangan bo‘lib, 911 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini qurg‘oqchilik ta’siridan himoya qilish va suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
Loyihada Qozog‘iston mutaxassislari BAA Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlik qilmoqda. Samolyotlar yordamida mos keladigan yomg‘ir bulutlariga tuz asosidagi maxsus reagentlar sepiladi. Biroq texnologiya istalgan paytda yomg‘ir yog‘dirishga imkon bermaydi — buning uchun avvalo tabiiy ravishda shakllangan va yog‘in berishga mos bulutlar bo‘lishi kerak.
Dastlab loyiha doirasida 11 ta parvoz amalga oshirilgan, keyingi ma’lumotlarda esa ularning soni 14 taga yetgani qayd etilgan. Natijalar meteorologik kuzatuvlar va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida baholanmoqda.
Qozog‘iston texnologiya kutilgan natijani bersa, yiliga 35 milliard tenge yoki qariyb 74 million dollar iqtisodiy samara olishni kutmoqda. Bunda qishloq xo‘jaligidagi yo‘qotishlarni kamaytirish va suv ta’minotini yaxshilash asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham sun’iy yog‘ingarchilik texnologiyasini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha tayyorlanmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarda yog‘ingarchilikni tabiiy ko‘rsatkichga nisbatan 10–20 foizgacha oshirish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Mamlakatdagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutida bulut fizikasi va atmosferaga faol ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bulutlarni sun’iy urug‘lantirish qurg‘oqchilikka qarshi kurashda yordamchi vosita bo‘lishi mumkin, biroq uning samaradorligi ob-havo va bulutlarning xususiyatlariga bevosita bog‘liq. Shu sababli texnologiyaning uzoq muddatli natijalarini ilmiy jihatdan baholash muhim.






























Izohlar 0
…