Astronomlar 129 ta galaktikada Dayson sferalarini topa olmadi

Xalqaro olimlar guruhi 129 ta yaqin galaktikani tahlil qilib, ularning birortasida Dayson suruvi yoki shunga o'xshash mega-inshootlar mavjudligini tasdiqlovchi dalil topmadi. Tadqiqotda bunday inshootlar yulduz energiyasini yutib, uni infraqizil nurlanish sifatida qayta chiqarishi haqidagi faraz asosida 1419 ta spektral taqsimot sinovdan o'tkazildi.
Xalqaro olimlar guruhi yulduzlararo fazoda texnologik sivilizatsiyalar izlarini aniqlashga qaratilgan tarixdagi eng yirik tadqiqotni yakunladi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, astronomlar 129 ta yaqin galaktikani tahlil qilib, ularning hech birida ilggari faraz qilingan Dayson sferalari yoki shunga oʻxshash yirik mega-inshootlar mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni topa olmadi. Shunga qaramamay, ushbu keng koʻlamli izlanish kelgusida oʻzga sayyoraliklar sivilizatsiyalarini qidirish uchun ancha aniq va qatʼiy ilmiy uslubni shakllantirish imkonini berdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ilmiy izlanishning asosiy gʻoyasi oddiy fizika qonunlariga asoslanadi. Agar texnologik jihatdan rivojlangan sivilizatsiya oʻz yulduzining energiyasidan foydalanish uchun uning atrofida quyosh batareyalari, stansiyalar yoki boshqa ulkan konstruksiyalardan iborat tizim (Dayson suruvini) qurgan boʻlsa, yutilgan yorugʻlik yoʻqolib ketmaydi. U muqarrar ravishda infraqizil nurlanish diapazonida qayta chiqarilishi kerak. Shu sababli tadqiqotchilar oddiy kosmik chang, faol galaktika yadrosi yoki faol yulduz hosil boʻlish jarayonlari bilan tushuntirib boʻlmaydigan ortiqcha infraqizil nurlanishni qidirishdi.
Qidiruv uchun eng qulay hududlar aniqlandi
Tadqiqot davomida olimlar nafaqat real maʼlumotlarni tahlil qilishdi, balki model yordamida turli parametrlarga ega 1419 ta spektral taqsimotni sinovdan oʻtkazishdi. Maʼlum boʻlishicha, yulduz hosil boʻlish jarayoni sekin kechadigan va chang miqdori kam boʻlgan tinch galaktikalar bunday izlanishlar uchun eng qulay muhit hisoblanadi. Bunday tizimlarda infraqizil nurlanish manbalari oldindan bashorat qilinadigan darajada boʻlgani bois, yulduz nurlarining atigi 4-5 foizini yutuvchi hipotetik inshootlarni ham aniqlash imkonini beradi.Biroq yulduz hosil boʻlishi faol kechadigan galaktikalarda vaziyat ancha murakkablashadi. Qizigan yulduzlararo chang oʻz-oʻzidan «infraqizil ortiqcha»ni keltirib chiqaradi va bunday sharoitda sunʼiy suruv sezilishi uchun u yulduz energiyasining kamida 20 foizini toʻsib qoʻyishi talab etiladi. Yana bir qiyinchilik faol galaktika yadrolari bilan bogʻliq boʻlib, ularning issiq changi texnologik chiqindi issiqlik sifatida qabul qilinib, chalkashliklar tugʻdirishi mumkin.
Statistik natijalar va istiqbollar
Olingan real maʼlumotlarga koʻra, oʻrganilgan 129 ta galaktikaning birortasi ham Dayson suruvi modeliga statistik jihatdan ishonchli tarzda mos kelmadi. Faol yadrosi boʻlmagan tinch galaktikalar uchun ushlangan nurlanish ulushining median yuqori chegarasi atigi 0,3 foizni tashkil etdi. Umumiy tanlanma miqyosida esa bu natija oʻrganilgan galaktikalarning koʻpi bilan 2,6 foizigagina taxminan 25 foiz yulduz nurini toʻsuvchi inshootlar xos boʻlishi mumkinligini anglatadi.Mualliflar texnologik nurlanishni tabiiy astrofizik hodisalardan farqlash yoʻllarini ham koʻrsatib oʻtdilar. Jumladan, galaktik suruv nurlanishi yulduz diski boʻylab tarqalishi kerak, faol yadro esa markazda toʻplanadi, yulduz hosil boʻlishi bilan bogʻliq chang esa spiral shakldagi tarmoqlarni takrorlaydi. Kelgusida PRIMA keng burchakli maʼlumotlari spektrning sovuq qismini aniqlashtirishga yordam beradi, shundan soʻng eng qiziqarli nomzodlarni JWST teleskopi yordamida tekshirish mumkin boʻladi.






























Izohlar 0
…