40 yil saqlangan suyak Antarktidadagi ilk dinozavrga tegishli chiqdi

40 yil davomida oddiy eksponat deb hisoblanib, muzey javonida saqlangan bir parcha suyak Antarktida tarixidagi muhim kashfiyotlardan biri ekani ma’lum bo‘ldi. Olimlar uni qit’ada topilgan ilk dinozavr suyagi sifatida tasdiqlashdi.
Mazkur qoldiq 1985 yilda Antarktidadagi Jeyms Ross orolida olib borilgan ekspeditsiya davomida topilgan. Biroq uni aniq tasniflashning imkoni bo‘lmagani uchun suyak Britaniya Antarktika xizmati (BAS)ning Kembrijdagi geologiya kolleksiyasidagi minglab namunalar qatorida saqlab qo‘yilgan.
Oradan qariyb to‘rt o‘n yil o‘tgach, BAS kolleksiyalari rahbari doktor Mark Evans mazkur namunani qayta ko‘zdan kechirish jarayonida uning oddiy qoldiq emasligiga e’tibor qaratdi. Ilk ekspeditsiya qatnashchilari suyak dengiz sudralib yuruvchisiga tegishli deb o‘ylagan bo‘lsa, Evans uning dinozavr umurtqasiga juda o‘xshashligini payqadi.

Shundan so‘ng topilma Tabiiy tarix muzeyi paleontologi professor Pol Barrettga yuborildi. Mutaxassis uni sinchiklab o‘rganib, bu titanozavr deb ataluvchi ulkan o‘simlikxo‘r dinozavrning dum umurtqasi ekanini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, suyakning ikki tomonidagi maxsus bo‘g‘im tuzilishi aynan shu turga xos bo‘lib, boshqa dinozavrlarda deyarli uchramaydi.
Bugungi kunga qadar titanozavrlarning 100 dan ortiq turi ma’lum. Ular Yer yuzida yashagan eng yirik jonzotlardan hisoblanadi. Ayrimlarining uzunligi 35 metrga, og‘irligi esa 60 tonnagacha yetgan. Antarktidada topilgan ushbu namunaning egasi esa taxminan 7 metr uzunlikda bo‘lgan. Olimlar uni yosh dinozavr yoki titanozavrlarning nisbatan kichik turlaridan biri bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, ushbu dinozavr 82 million yil avval, kechgi bo‘r davrida yashagan. O‘sha paytlarda Antarktida hozirgidek muzliklar bilan emas, balki qalin o‘rmonlar bilan qoplangan bo‘lib, ulkan o‘simlikxo‘r hayvonlar yashashi uchun qulay muhit hisoblangan.

Paleontologlarning fikricha, bu topilma Antarktidaning qadimgi ekotizimi haqidagi tasavvurlarni yanada boyitadi. Shuningdek, qit’ada dinozavrlar qanday yashaganini va ularning boshqa hayvonlar bilan o‘zaro munosabatini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu kashfiyot haqidagi ilmiy maqola Acta Palaeontologica Polonica jurnalida chop etilgan. Bu esa 40 yil davomida unutilgan bir parcha suyak Antarktida paleontologiyasi tarixida alohida o‘rin egallaganini yana bir bor tasdiqladi.






























Izohlar 0
…