Rossiya talabalarni qanday qilib urushga jalb qilmoqda?

Rossiya Ukrainadagi urushda ortib borayotgan yo‘qotishlarni qoplash maqsadida universitet, kollej va texnikum talabalarini armiya safiga jalb qilishni kuchaytirmoqda. Ularga dron operatori sifatida xizmat qilish zamonaviy, yuqori texnologiyali va nisbatan xavfsiz yo‘nalish sifatida targ‘ib etilmoqda.
Biroq BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu va’dalar amalda har doim ham o‘zini oqlamayapti. 23 yoshli Valeriy Averin, 18 yoshli Vladislav Gorbunov va Rahim Abdullin dron operatori bo‘lish uchun shartnoma imzolaganiga qaramay, qisqa vaqt ichida frontda halok bo‘lgan.
Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, talabalarga bir yillik xizmat, katta maosh va o‘qishni davom ettirish imkoniyati va’da qilinsa-da, amalda harbiy shartnomalar avtomatik ravishda uzaytirilishi mumkin. Qolaversa, dron bo‘linmalariga tushish ham kafolatlanmaydi va yoshlar boshqa jangovar bo‘linmalarga yuborilishi ehtimoli bor.
BBC tahlillariga ko‘ra, Rossiyaning tasdiqlangan harbiy yo‘qotishlari 230 ming nafardan oshgan. Mutaxassislar esa haqiqiy qurbonlar soni 500 ming nafarga yaqin bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.
BBC Russian surishtiruviga ko‘ra, Rossiyada ayrim ta’lim muassasalarida o‘qishida muammosi bor yoki akademik ta’tilga chiqmoqchi bo‘lgan talabalar harbiy shartnoma imzolashga faol tarzda undalmoqda. Bu esa urushning nafaqat frontda, balki ta’lim tizimiga ham chuqur kirib borayotganini ko‘rsatmoqda.






























Izohlar 0
…