Meyerutda ayol ariqni tozalatish uchun g‘alati usul o‘ylab topdi

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Meyerut shahrida ayolning g‘ayrioddiy harakati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, u mahalladagi ochiq va axlatga to‘lib ketgan ariqqa bola tushib ketgani haqida politsiyaga xabar bergan. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Qo‘ng‘iroqdan so‘ng politsiya va shahar ma’muriyati xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Ariq bir necha yildan beri to‘liq tozalanmagani va chiqindilar bilan to‘lib qolgani aytilmoqda.
Qidiruv ishlariga og‘ir texnika va maxsus xodimlar jalb qilinib, ariqdagi loy, chiqindi hamda to‘planib qolgan boshqa iflosliklar olib tashlangan. Qariyb uch soat davom etgan qidiruv jarayonida ariq sinchiklab tekshirilgan, ammo undan hech qanday bola topilmagan.
Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari berilgan xabar yolg‘on bo‘lishi mumkinligidan shubhalangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol bu usuldan uzoq vaqtdan beri tozalanmay kelgan ariqqa mas’ullarning e’tiborini qaratish uchun foydalangan bo‘lishi mumkin.
Hodisa ortidan mahalliy aholi shahar infratuzilmasi va ariqlarni o‘z vaqtida tozalash masalasini ko‘tardi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar ayolning politsiyani chalg‘itganini tanqid qilgan bo‘lsa, boshqalar uning harakati natijasida nihoyatda iflos ariq tozalanganini ta’kidlagan.
Voqea mahalladagi obodonlashtirish ishlari nega favqulodda holat yuzaga kelgandagina tezlashgani haqida ham savollarni paydo qildi.






























Izohlar 0
…