16 yoshli yigit besh yildan beri hovuzda yashamoqda

16 yoshli yigit besh yildan beri hovuzda yashamoqda

Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtati Murshidabod tumanida yashovchi 16 yoshli Iqbol Shayxning g‘ayrioddiy holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Beldanga shahrida istiqomat qiluvchi o‘smir so‘nggi qariyb besh yil davomida vaqtini asosan hovuzlarda o‘tkazib kelayotgani aytilmoqda.

Iqbolning aytishicha, suvdan chiqishi bilan tanasida kuchli achishish va yonish hissi paydo bo‘ladi. Salqin suvga kirganida esa bu noqulaylik biroz yengillashadi. Shu sababli u ba’zan bir necha kunlab, ayrim holatlarda bir haftaga yaqin vaqtni ham suvda o‘tkazgan.

Oilasi o‘smirni turli shifoxonalarga va an’anaviy tabiblarga olib borgan, ammo uning holatiga aniq tashxis qo‘yilmagan. Uzoq vaqt suvda qolishi esa uning sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilmoqda.

Iqbol haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng uning holati Hindistonlik tadbirkor Anant Ambanining e’tiborini tortgan. U o‘smirni Mumbayga olib borish va ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilgan. Iqbol hozir Mumbaydagi shifoxonada mutaxassislar nazoratida.

Ayrim shifokorlar Iqbolda eritromelalgiya deb ataladigan kam uchraydigan kasallik bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ushbu holatda terida kuchli yonish, issiqlik va qizarish kuzatilishi mumkin. Simptomlar tana harorati oshganda kuchayishi, sovutish esa vaqtincha yengillik berishi mumkin. Biroq Iqbolga aynan shu tashxis rasman qo‘yilgani hozircha tasdiqlanmagan.

Ayni paytda Mumbaydagi shifokorlar o‘smirni batafsil tekshirib, uning holatiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va og‘riqli belgilarni kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar