Qariyb 400 yillik kema 5 tonna oltin bilan topildi

Qariyb 400 yillik kema 5 tonna oltin bilan topildi

Shotlandiya sohillari yaqinida qariyb 400 yil avval cho‘kib ketgan qirollik kemasi — “Blessing of Burntisland” qoldiqlari topilgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema bortida bugungi qiymatda qariyb 20 million funt sterlingga teng boylik bo‘lganini taxmin qilmoqda. Topilma tarixiy ahamiyati bilan bir qatorda, uning bortidagi qimmatbaho yuklar tufayli ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kema Angliya qiroli Karl I ga tegishli bo‘lgan. U 1633 yil iyul oyida qirolning toj kiyish marosimi vaqtida Fayf hududidan Leyt porti tomon yo‘l olgan. Biroq safar davomida kuchli bo‘ron ko‘tarilib, kema Fort qo‘ltig‘ida cho‘kib ketgan.

Kema taxminan 18 metr uzunlikda bo‘lgan. Uning bortida qirol Karl I ning shaxsiy buyumlari hamda boshqa qimmatbaho yuklar bo‘lgan. Fojiali hodisa oqibatida 35 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosidan faqat ikki kishi omon qolgan.

Cho‘kib ketgan kemani aniqlash maqsadida ishqibozlar qariyb 30 yil davomida izlanish olib borgan. Ammo Fort qo‘ltig‘ining loyqa va ko‘rish qiyin bo‘lgan suvlari avvalgi qidiruv ishlarini murakkablashtirgan. Suv ostida skanerlash texnologiyalarining rivojlanishi esa mutaxassislarga yangi imkoniyatlar eshigini ochgan.

Charles Wrex Project loyihasi vakillari yaqinda kemaning o‘ziga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan yog‘och bo‘lagini aniqlagan. Bu topilma mutaxassislarda “Blessing of Burntisland” kemasining ehtimoliy joylashuvi aniqlangan bo‘lishi mumkin, degan umid uyg‘otgan.

Shu bilan birga, loyiha direktori va “Burntisland Heritage” tashkiloti rahbari Ien Archibald hozircha kemaning aniq topilgani haqida qat’iy xulosa qilishga erta ekanini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar tarixiy kema qoldiqlari bo‘lishi ehtimol qilingan hududni aniqlagan. Ammo aynan shu topilma “Blessing of Burntisland” kemasiga tegishli ekanini hali tasdiqlashning imkoni yo‘q. Topilgan yog‘och namunasining qaysi kemaga tegishli ekani ham hozircha noma’lum.

Keyingi bosqichda yog‘och namunasini radiokarbon usulida tekshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, suv ostidagi hudud yanada batafsil o‘rganilib, u yerda boshqa buyumlar yoki kema qoldiqlari mavjudligi aniqlanadi.

Qayd etilishicha, Fort qo‘ltig‘i tubida 500 ga yaqin kema halokati qayd etilgan. Shu bois mazkur topilmaning aynan qirollik kemasiga tegishli ekanini isbotlash uchun qo‘shimcha tadqiqot va tekshiruvlar talab etiladi.

Agar taxminlar tasdiqlansa, qariyb to‘rt asr avval cho‘kib ketgan qirollik kemasining topilishi Shotlandiya dengiz tarixi uchun muhim kashfiyotlardan biriga aylanishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar