Global falokatdan omon qolish uchun eng xavfsiz davlat qaysi?

Global falokat yuz bergan taqdirda insoniyat omon qolishi uchun eng qulay mamlakat Avstraliya deb topildi. Xalqaro olimlar guruhi o‘tkazgan tadqiqotda vulqon otilishi, yadroviy urush, asteroid to‘qnashuvi, global pandemiya yoki infratuzilmaning izdan chiqishi kabi keng ko‘lamli inqirozlar yuz berganda qaysi davlatlarda yashab qolish imkoniyati yuqoriroq ekanini o‘rgangan. Tadqiqot natijalari “Global Challenges” saytida e’lon qilindi.
Olimlar global xavflarni uch asosiy toifaga ajratgan. Birinchi xavf — quyosh nurining keskin kamayishi. Bunday holat vulqon otilishi, yadroviy urush yoki asteroid qulashi natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bu esa iqlimning sovishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligining pasayishi va oziq-ovqat ta’minotida jiddiy muammolar paydo bo‘lishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
Yana bir jiddiy xavf sifatida elektr ta’minotining uzoq muddatga uzilishi baholangan. Bunga yadroviy portlash, kuchli geomagnit bo‘ron yoki global kiberhujum sabab bo‘lishi mumkin. Elektr energiyasiga bog‘liq ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligining faoliyati izdan chiqsa, bu oziq-ovqat tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin.
Tadqiqotda global biologik xavflar, jumladan, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi ham alohida o‘rganilgan. Katta pandemiyalar sog‘liqni saqlash tizimiga kuchli bosim o‘tkazishi, ishchi kuchining kamayishi esa oziq-ovqat ishlab chiqarish va ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlar mamlakatlarning og‘ir inqirozlardan keyin qayta tiklanish salohiyatini ham baholagan. Bunda davlat institutlarining barqarorligi, iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy tenglik, sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanganlik darajasi, geografik izolyatsiya, iqtisodiyotning xilma-xilligi hamda tashqi savdoga qaramlik kabi omillar hisobga olingan.
Tadqiqot natijasiga ko‘ra, Avstraliya global falokatlarga eng chidamli mamlakat sifatida qayd etilgan. Bunga uning geografik jihatdan nisbatan uzoqda joylashgani, rivojlangan qishloq xo‘jaligi va kuchli sanoat salohiyatiga egaligi asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.
Biroq bu Avstraliya mutlaqo xavfsiz hudud degani emas. Mamlakat yoqilg‘i, dori-darmon va o‘g‘itlarning ayrim turlarini xorijdan import qilishga qaram. Shu sababli global ta’minot zanjirlarida uzilish yuz bersa, Avstraliya ham muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Olimlar Yangi Zelandiya, Yaponiya, Shveysariya va Argentinani ham yuqori darajadagi barqarorlikka ega davlatlar qatoriga kiritgan. Biroq ularning ayrimlari yuqori seysmik faollik hududlarida joylashgani va uzun sohil chizig‘iga egaligi sababli sunami kabi tabiiy xavflarga duch kelishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, bunday mamlakatlar kelajakda global falokatlar ro‘y bergan taqdirda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Ular oziq-ovqat va urug‘lik zaxiralarini saqlash, xalqaro yordam ko‘rsatish hamda favqulodda vaziyatlarga javob qaytarish markazlariga aylanishi ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…