8 yoshli qiz boshlagan ish 15 yilda katta xayriyaga aylandi

8 yoshli qiz boshlagan ish 15 yilda katta xayriyaga aylandi

Avstraliyada 8 yoshli qizning oddiy savoli onasini xayrli ish boshlashga undadi. Oradan 15 yil o‘tib, bu tashabbus yuzlab oilalarga yordam berayotgan yirik xayriya tashkilotiga aylandi.

Hodisa Sidneyning shimoli-g‘arbida yashagan Linda Striklend va uning qizi Kessidi hayotida yuz bergan. Bir kuni qiz uy orqasidagi axlat qutisidan ovqat qidirayotgan odamni ko‘rib qolib, onasidan nega kimdir shu darajada och qolishi mumkinligini so‘ragan.

Shundan so‘ng ona-qiz uyda ovqat tayyorlab, uni konteynerlarga joylashdi va yaqin atrofdagi bog‘da boshpanasiz yashayotgan insonlarga tarqata boshladi. Bu kichik tashabbus 2011 yilda Hawkesbury's Helping Hands xayriya tashkilotiga asos solinishiga sabab bo‘ldi.

Bugun esa tashkilot ombori orqali yuzlab insonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va kundalik ehtiyoj uchun zarur buyumlar yetkazib berilmoqda. Ayniqsa, Rojdestvo va tabiiy ofatlar paytida tashkilot bir kunda 20–30 palletgacha mahsulot tarqatadi.

Qizig‘i, xayriya yordamiga muhtojlar orasida nafaqat boshpanasizlar, balki o‘zini o‘zi ta’minlaydigan, ammo kundalik xarajatlarni qoplashda qiynalayotgan oilalar ham ko‘paygan.

Linda Striklend esa bu ishni davom ettirib, yana kamida 15 yil jamoaga xizmat qilish niyatida ekanini aytgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar