Chorsuda qo‘shiq kuylab pul so‘ragan bola Milliy gvardiya xodimlari tomonidan olib ketildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Chorsu” bozori hududida uch nafar Milliy gvardiya xodimi voyaga yetmagan bolani qo‘lidan ushlab olib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, 17 sentyabr kuni “Eski Jo‘va” bozori hududida voyaga yetmagan bolaning fuqarolardan pul so‘rashi yuzasidan murojaat kelib tushgan. Jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi bolani aniqlab, bozor hududidagi IIB binosiga olib kelgan va profilaktika xizmati xodimlariga topshirgan.
Bola avvalroq metro va “Chorsu” bozori hududida qo‘shiq kuylab, buning evaziga pul so‘rashi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan. U “Sedaya noch” va “Beliye rozi” kabi qo‘shiqlarni ijro etgani aks etgan videolar tarqalgan.
Milliy gvardiya ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida bolaning tadbirkorlar, fuqarolar va sayyohlardan pul so‘ragani aniqlangan. Shuningdek, pul berishdan bosh tortgan ayrim kishilarni haqorat qilib, bezovta qilgani aytilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bolaning chet ellik sayyohlarga qo‘shiq aytib, 100 ming so‘m talab qilgani aks etgan video ham muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoh 50 ming so‘m taklif qilganida, bola undan 150 ming so‘mni tortib olgan.
Hozirda holat yuzasidan profilaktika xizmati xodimlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…