Masjidul Harom muazzini Shayx Ibrohim al-Madaniy vafot etdi

Masjidul Harom muazzini Shayx Ibrohim bin Odil al-Madaniy 21 sentyabr kuni 51 yoshida vafot etdi. Uning vafoti Saudiya Arabistonining rasmiy «Al-Ekhbariya» telekanali tomonidan ham e’lon qilingan.
Shayx Ibrohim al-Madaniy 1976 yilda Madina shahrida diniy oilada tug‘ilgan. U Qur’on ilmlari bo‘yicha ta’lim olgan. Muazzinlik faoliyatini 15 yoshida Madinadagi mahalla masjidida boshlagan. Keyinchalik ta’lim va o‘qituvchilik faoliyati sabab muazzinlik faoliyatida tanaffus qilgan.
U 2007–2008 yillarda Madinadagi boshqa bir masjidda yana azon aytishni davom ettirgan. 2017–2018 yillarda esa Masjidul Harom muazzini sifatida rasman tayinlangan.
Shayx Ibrohim al-Madaniy Masjidul Haromning 24 nafar asosiy muazzinidan biri bo‘lgan. U, ayniqsa, bomdod azoni va hayit takbirlarini aytishi, shuningdek, imomning takbirlarini jamoatga yetkazish vazifasi bilan tanilgan.
Ma’lum qilinishicha, uning Masjidul Haromdagi so‘nggi azoni 21 sentyabr kuni bomdod namozining ilk azoni bo‘lgan. U ushbu azondan bir necha soat o‘tib vafot etgan.
Shayx Ibrohim al-Madaniy vafotining aniq sababi Saudiya Arabistoni rasmiy manbalarida hozircha ma’lum qilinmagan.






























Izohlar 0
…