70 yoshli ayol o‘limidan bir kun o‘tib tobutda uyg‘ondi

Xitoyda 70 yoshli ayolning o‘limi qayd etilganidan bir kun o‘tib sovutkichli tobutda tiriklik alomatlari kuzatildi. Voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, saraton va bosh miya trombozidan aziyat chekkan ayol vafot etgan deb topilib, sovutkichli tobutga joylashtirilgan. Biroq 9 sentyabr kuni kechqurun uning kelini tobut ichidan kuchsiz ingrash ovozini eshitgan.
Shundan so‘ng ayol zudlik bilan tobutdan olingan. 11 sentyabr kuni yaqinlari uning ko‘zlarini ochgani va qisman hushiga kelganini ko‘rgan. Ammo keksa ayolning ahvoli og‘ir bo‘lib, u mustaqil ravishda suv ichish va ovqatlanish imkoniga ega bo‘lmagan.
Kutilmaganda uyg‘ongan ayol o‘sha kuni kechqurun yana vafot etgan. U 13 sentyabr kuni dafn qilingan.
Voqea internetda tarqalgach, ayrimlar uning haqiqiyligiga shubha bildirgan. Biroq marhumaning yaqinlari, mahalliy aholi va qishloq mas’uli voqeani tasdiqlagan.
Shifokorlar bu holatni «soxta o‘lim» bilan izohlagan. Bunday holatda organizm faoliyati keskin sekinlashib, nafas olish va puls juda kuchsiz darajaga tushishi mumkin. Shu sababli mutaxassislar o‘limni qayd etishda qat’iy tibbiy mezonlarga amal qilish muhimligini ta’kidlagan.






























Izohlar 0
…