Hamshira hamkasbining to‘yiga ketib qolgani oqibatida 19 yoshli bemor vafot etdi

Dog‘istonda hamshira hamkasbining to‘yiga ketib qolgani oqibatida 19 yoshli bemorning o‘limiga sabab bo‘lganlikda ayblanmoqda. Hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t pufagidagi toshlarni olib tashlash bo‘yicha rejali operatsiyadan keyin qiz oddiy palataga o‘tkazilgan. Biroq oradan 10–15 daqiqa o‘tib, uni kuzatib turishi kerak bo‘lgan hamshira shifoxona qarshisida o‘tayotgan hamkasbining to‘yiga ketgan. U ketishidan oldin boshqa xodimdan bemorga qarab turishni so‘rab, yozuv qoldirgan.

Shu paytda bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan. Qizning onasi yordam so‘rab shifoxona yo‘laklarida yurgan, ammo tibbiy nazorat o‘z vaqtida ta’minlanmagan. Anesteziolog esa boshqa og‘ir bemor bilan band bo‘lgan.
Shifokorlar bemorni qutqarishga harakat qilgan bo‘lsa-da, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Marhumaning ortida hali bir yoshga ham to‘lmagan farzandi qolgan.






























Izohlar 0
…