To‘yida yolg‘iz qolishdan qo‘rqqan yetim yigit minglab notanish insonlarni to‘yiga taklif qildi

Xitoyda 24 yoshli yigitning to‘yiga qilgan noodatiy taklifi kutilmagan natija bilan yakunlandi. Syu Chenghong ismli yigit yaqin qarindoshlari bo‘lmagani sababli to‘y kuni marosim huvillab qolishidan xavotirlangan. Shu bois u ijtimoiy tarmoq orqali mutlaqo notanish insonlarni o‘z to‘yiga taklif qilishga qaror qilgan.
Ma’lum qilinishicha, yigit 25 oktyabr kuni Xitoyning Douyin platformasida ochiq taklifnoma e’lon qilib, istagan insonni to‘yiga kelishga chaqirgan. U atigi 10–20 kishi tashrif buyurishini kutgan edi.
Biroq 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimga minglab odamlar kelgan. Ayrim ma’lumotlarda mehmonlar soni 10 ming nafargacha yetgani aytilmoqda. Ular shunchaki to‘yda qatnashibgina qolmay, yosh oilaga maishiy texnika, oziq-ovqat va turli qimmatbaho sovg‘alar ham olib kelishgan.
Bundan tashqari, ko‘ngilli oshpazlar to‘y uchun taomlarni bepul tayyorlab berishgan. Mehmonlar soni kutilganidan ancha ko‘payib ketgani sababli, mahalliy hokimiyat transport harakatini tartibga solishga kirishgan. Ziyofat esa ko‘proq odamni sig‘dirish uchun qishloq maydoniga ko‘chirilgan.
Shunday qilib, yaqinlari kamligi sababli to‘yini kamtarona o‘tkazishdan xavotirlangan yigit minglab notanish insonlarning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Ularning tashrifi va sovg‘alari yosh oilaning bu kunini unutilmas voqeaga aylantirdi.































Izohlar 0
…