Soxta hamshira 900 mijozni aldab, millionlab pul oldi

Soxta hamshira 900 mijozni aldab, millionlab pul oldi

AQShda o'zini ro'yxatdan o'tgan hamshira sifatida tanishtirgan ayol 2 mingdan ortiq soxta botoks muolajalarini amalga oshirib, mijozlaridan 1 million dollardan ziyod pul olgan. 40 yoshli Rebekka Fadanelli endi qilmishlari uchun qamoq jazosiga hukm qilindi.

Fadanelli taxminan 900 nafar mijozni aldagan. U ularga Xitoy va Braziliyadan olib kelingan qalbaki kosmetik mahsulotlarni in'yeksiya orqali yuborgan. Ayrim jabrlanuvchilarda og'ir asoratlar kuzatilib, ular shifoxonaga yotqizilgan.

Ma'lum qilinishicha, Fadanelli Massachusets shtatidagi Stouton shahrida yashagan. U hech qanday litsenziyaga ega bo'lmaganiga qaramay, o'zini ro'yxatdan o'tgan hamshira sifatida ko'rsatgan. Shuningdek, u in'yeksiya qilish, retsept bilan beriladigan dori vositalari yoki tibbiy qurilmalardan foydalanish huquqiga ega bo'lmagan.

Fadanelli Skin Beaute Med Spa nomli tibbiy-estetik markazga egalik qilgan va uning Rendolf hamda Saut-Iston shaharlarida filiallari bo'lgan. 2021 yil mart oyidan kamida boshlab u mijozlar va xodimlariga o'zini litsenziyalangan hamshira sifatida tanishtirib kelgan.

U mijozlarga botoks hamda FDA tomonidan tasdiqlangan Sculptra, Restylane va Juvéderm kabi dermal fillerlardan foydalanayotganini aytgan. Biroq prokurorlar aslida Xitoy va Braziliyadan keltirilgan qalbaki mahsulotlar qo'llanganini ma'lum qildi.

Eng e'tiborlisi, huquq-tartibot idoralari uning qalbaki mahsulotlarini musodara qilganidan keyin ham Fadanelli faoliyatini davom ettirgan. 2024 yil iyun oyida uning biznes joylarida o'tkazilgan tintuvlar vaqtida qalbaki mahsulotlar aniqlangan. U shu yil noyabr oyida qo'lga olingan.

Tergovchilar Fadanelli soxta muolajalar uchun mijozlardan 1 million dollardan ortiq to'lov olganini aniqlagan.

Oq sochli ayol qo'lida telefon bilan oyna qarshisida selfi tushmoqda.

Uning bir qator mijozlarida salbiy ta'sirlar kuzatilgan. Ayrimlari shifoxonada davolanishga majbur bo'lgan. Ular orasida kuchli shish, infeksiyalar, yuz va ko'z falaji, ko'rish qobiliyatining pasayishi, qattiq shishlar va tugunchalar kabi asoratlar qayd etilgan.

Fadanelli aprel oyida qonunga xilof ravishda tovar olib kirish bo'yicha to'rtta, qalbaki dori vositasini sotish yoki tarqatish bo'yicha ikkita hamda qalbaki tibbiy qurilmani sotish yoki tarqatish bo'yicha yana ikkita ayblovni tan olgan.

U 2 sentyabr kuni Bostondagi federal sudda 46 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Jazodan keyin yana ikki yil nazorat ostida bo'ladi. Shuningdek, unga jabrlanganlarga 1 001 562 dollar tovon puli to'lash va xuddi shu miqdordagi mablag'ni musodara qilish majburiyati yuklatildi.

AQSh prokurori Lia B. Fouli bu holat oddiy xato yoki bir martalik noto'g'ri qaror emasligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Fadanelli odamlarni aldash asosida biznes qurgan va o'z foydasini mijozlarining salomatligi hamda xavfsizligidan ustun qo'ygan.

Prokuror kosmetik in'yeksiyalar va estetik tibbiyot markazlari ommalashib borayotgan bir paytda qalbaki mahsulotlar hamda litsenziyasiz mutaxassislar jiddiy xavf tug'dirishini qayd etdi.

Hozirda mazkur ish soxta tibbiy xizmatlar va qalbaki kosmetik vositalar inson salomatligi uchun qanday jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko'rsatmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar