Iroqdagi 75 ming yillik suyaklar neandertallar sirini ochdi

Iroqdagi 75 ming yillik suyaklar neandertallar sirini ochdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Iroq shimolidagi Shanidar g‘oridan topilgan 75 ming yillik neandertal qoldiqlari, xususan, «Shanidar A» deb nomlangan shaxsning jarohatlari qadimgi odamlar o‘rtasidagi zo‘ravonlik va o‘zaro g‘amxo‘rlikni ko‘rsatadi.
  • Uning ko‘krak qafasidagi jarohat o‘limga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin va bu neandertallar o‘rtasidagi nizo yoki to‘qnashuv natijasi deb taxmin qilinadi.

Iroq shimolidagi g‘ordan topilgan 75 ming yillik neandertal qoldiqlari qadimgi odamlar o‘rtasidagi zo‘ravonlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik haqida muhim ma’lumotlarni ochib berdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Tadqiqotchilar Zagros tog‘laridagi Shanidar g‘oridan taxminan 40 yoshdan oshgan neandertalning qisman saqlangan skeletini topgan. «Shanidar A» deb nomlangan shaxsning jinsi aniqlanmagan.

Uning chap kurak suyagida diametri 15 millimetr bo‘lgan dumaloq teshik aniqlangan. Olimlarning taxminiga ko‘ra, o‘tkir uchli yog‘och nayza ko‘krak qafasiga kirib, o‘pka va boshqa to‘qimalarni shikastlagan. Bu jarohat o‘limga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar hodisa neandertallar o‘rtasidagi nizo yoki raqib guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuv natijasida sodir bo‘lgan deb hisoblaydi. Zamonaviy insonlar hujumi yoki tasodifiy jarohat ehtimoli esa pastroq baholangan.

Biroq topilmaning yana bir hayratlanarli jihati bor. «Shanidar A»ning tishlarida kamida bir yil oldin olgan og‘ir jarohati izlari ham aniqlangan. Zarba oqibatida old tishlarining ayrimlari singan va tushib ketgan, boshqalari esa siljigan.

Qora fonda qadimiy toshga aylangan ikkita yelka suyagi bo‘lagi tasvirlangan.

Tadqiqot rahbari, Kembrij universiteti antropologi Emma Pomeroyning aytishicha, bunday jarohatdan keyin ovqat yeyish va suv ichish juda qiyin bo‘lgan. Shu sababli neandertal tiklanish davrida guruhdoshlarining yordami va parvarishiga muhtoj bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

G‘ordan jami besh nafar neandertalga tegishli qoldiqlar topilgan: to‘rt nafari kattalar, biri esa chaqaloq bo‘lgan. Suyaklar qoyatosh ustuni ortida bir-biriga yaqin joylashgan holda aniqlangan.

Shanidar g‘ori 1950 yillardan beri neandertallar hayotini o‘rganishda muhim arxeologik manba hisoblanadi. Yangi tadqiqot natijalari «Scientific Reports» jurnalida e’lon qilingan.

Olimlarning fikricha, ushbu topilma neandertallarni faqat zo‘ravon yoki boshqalarga befarq mavjudotlar sifatida tasvirlaydigan qarashlarni shubha ostiga qo‘yadi. Bir shaxs qoldiqlarida ham zo‘ravonlik, ham g‘amxo‘rlikka ishora qiluvchi dalillarning topilishi qadimgi odamlar o‘rtasidagi munosabatlar ancha murakkab bo‘lganini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar