107 yoshli bloger uzoq umrining oddiy sirini ochdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 107 yoshli Mariya Morales Tirado, «Doña Mami» nomi bilan tanilgan, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishganidan so'ng vafot etdi.
- Uning uzoq umrining siri mehnatsevarlik, oilaga e'tibor va an'anaviy turmush tarzi bo'lgan.
- Doña Mami 14 farzand, 48 nabira, 71 chevara va 28 evara ko'rgan.
- Uning o'g'li Toni Moralesning aytishicha, onasi o'z shartlari bilan tinch hayotdan ko'z yumgan.
Puerto-Rikoda ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhurlikka erishgan Mariya Morales Tirado 107 yoshida vafot etdi. Ko‘pchilikka «Doña Mami» nomi bilan tanish bo‘lgan ayol bir necha yil avval uzoq umr ko‘rishining oddiy sirini ochib bergan edi.
Mariya 107 yoshga to‘lgan kunini nishonlaganidan atigi uch soat 45 daqiqa o‘tib hayotdan ko‘z yumdi. U 28 sentyabr, dushanba kuni Puerto-Rikoda tinch va osoyishta vafot etgan.
Doña Mami oilasi, an’anaviy turmush tarzi va yoshlik yillaridagi Puerto-Riko hayoti haqidagi xotiralarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishib, internet foydalanuvchilari orasida mashhurlikka erishgan.
U 2019 yilda 100 yoshini nishonlaganida uzoq umr ko‘rish tarzi haqida ham so‘zlab bergan.
«Men bu 100 yilni ishlash bilan o‘tkazdim. Raqsga tushmadim, bazmlarga bormadim va ichmadim. Farzandlarimni katta qildim, fermada ishladim va ko‘plab funche yedim», — degan edi u.
Funche — Puerto-Rikoga xos an’anaviy makkajo‘xori unidan tayyorlanadigan taom.
Yabucoa shahrida yashagan Doña Mami yoshligidan yer bilan ishlagan va hatto 80–90 yoshlarida ham ekin yetishtirishni davom ettirgan.
Uning nabirasi Xulio Sesar Lebron buvisini keksaygan davrida ham juda baquvvat bo‘lganini eslagan. U Doña Mami'ni «30 yoshli inson kabi kuch bilan ketmon ko‘tarib ishlayotganini» ko‘rganini aytgan.
Oddiyligi, samimiy fe’l-atvori va g‘ayrati uni ijtimoiy tarmoqlardagi mashhur shaxslardan biriga aylantirdi. Bu haqda Need To Know xabar bergan.
U internetda ilk bor 2017 yilda paydo bo‘lgan. O‘sha paytda nabirasi uning ishtirokidagi videolarni Facebook'da joylashni boshlagan. «Mami is my Attitude 4 a Lifestyle» sahifasi esa 200 mingdan ortiq obunachi to‘plagan.
Shunga qaramay, Doña Mami hayotining markazida doimo oilasi turgan. U turmush o‘rtog‘i Viktor Morales Martines, ya’ni «Papi» bilan birgalikda 14 nafar farzandini tarbiyalagan.
U 48 nafar nabira, 71 nafar chevara va 28 nafar evara ko‘rish baxtiga ham erishgan.
Uning vafoti haqida o‘g‘li Toni Morales ta’sirli murojaat orqali xabar berdi.
«Onajonim 107 yil, uch soat va 45 daqiqa yashadi», — deb yozdi u.
Tonining so‘zlariga ko‘ra, soat 03:45 da Doña Mami turmush o‘rtog‘i Papi, Xuana Mariya, Toledo, aka-uka va opa-singillari, kuyovlari hamda undan avval hayotdan ko‘z yumgan ko‘plab yaqinlari bilan qayta birlashgan.
«U qanday yashagan bo‘lsa, shunday ketdi — o‘z shartlari asosida va tinchgina», — dedi Toni.
Uning ta’kidlashicha, Doña Mami'ning so‘nggi yillarida jismoniy kuch-quvvati pasaygan. Bunga butun umri davomida mehnat qilgani, yerga ekin ekkani, ovqat tayyorlagani va farzandlarini tarbiyalagani sabab bo‘lgan.
Biroq u umrining so‘nggi lahzalariga qadar yaqinlariga o‘z tajribasini ulashib, ularga saboq berishda davom etgan.
«Uning hayotini shunchaki yillar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki uning haqiqiy merosi ortida qoldirgan avlodlari orqali yashashda davom etadi. Biz uning fidoyiligi mahsulimiz va jangchi ayolning avlodlarimiz», — deya ta’kidladi Toni Morales.






























Izohlar 0
…