115 yoshli yapon ayoli uzoq umr sirini ochib, vafot etdi

115 yoshli yapon ayoli uzoq umr sirini ochib, vafot etdi

Yaponiyaning eng keksa fuqarosi Shigeko Kagava 115 yoshu 91 kunligida vafot etdi. U uzoq umr ko‘rishining asosiy sirini juda oddiy odatlar bilan bog‘lagan.

Shigeko 27 avgust kuni Nara prefekturasining Yamatokoriyama shahrida hayotdan ko‘z yumdi. U 2025 yil 29 iyul kuni 114 yoshli ayol vafot etganidan so‘ng Yaponiyaning eng keksa tirik fuqarosiga aylangan edi.

1911 yil 28 mayda tug‘ilgan Shigeko 1934 yilda Osaka ayollar tibbiyot kollejini tamomlagan. U Yamatokoriyamada o‘z amaliyotini ochib, saksoninchi yoshlariga qadar akusher-ginekolog bo‘lib ishlagan. Shuningdek, xoleraga qarshi kurashishda ham ishtirok etgan.

Shigeko 2021 yilda 109 yoshu 10 oyligida Tokio Olimpiadasi mash’ala estafetasida qatnashib, eng keksa Olimpiya mash’alachisi sifatida tarixga kirgan.

Uzoq umrning oddiy siri

Shigekodan uzoq umr ko‘rish sirini so‘rashganda, u qisqa javob bergan:

«Piyoda yurish va miyani ishlatish».

Shifokorlik yillarida u bemorlarning uyiga borish uchun bir necha kilometr masofani piyoda bosib o‘tardi. Uning aytishicha, yoshligidan ko‘p yurgani oyoqlarini baquvvat qilgan va bu hayot kuch-quvvatining manbai bo‘lgan.

Keksalik davrida ham Shigeko miyasini faol ushlashga harakat qilgan. U xattotlik bilan shug‘ullangan va mantiqiy boshqotirmalar yechgan.

Oilasi esa uning uzoq umrida kundalik tartib muhim o‘rin tutganini ta’kidlagan. Shigeko kuniga uch mahal ovqatlangan, belgilangan vaqtda uxlab-uyg‘ongan va hayotini bir maromda davom ettirgan.

Shigeko Kagava vafotidan so‘ng Yaponiyaning eng keksa tirik fuqarosi maqomi Kiotoda yashovchi 114 yoshli Fuyo Kishimotoga o‘tdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar