Green Card lotereyasi qachon boshlanadi? Sud yangi muddat belgiladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi Davlat departamentiga DV-2027 Green Card lotereyasi uchun arizalar qabul qilishni 2026 yil 1 noyabrdan kechiktirmay boshlash majburiyatini yukladi.
- Sudya Jinsuk Ota Red Eagle Law yuridik firmasining iltimosnomasini qanoatlantirib, ro‘yxatdan o‘tish sanalari 29 oktyabrgacha e’lon qilinishi, arizalar qabuli 1 noyabrdan kechiktirmay ochilishi, tanlab olingan ishtirokchilar esa 3 dekabrgacha xabardor qilinishi lozimligini belgiladi…
AQSHning Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi Davlat departamentiga DV-2027 Green Card lotereyasi uchun arizalar qabul qilishni 2026 yil 1 noyabrdan kechiktirmay boshlash majburiyatini yukladi. Mazkur dastur bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish 2025 yil kuzida boshlanishi kerak edi, biroq belgilangan vaqtda ochilmagan.
14 oktyabr kuni sudya Jinsuk Ota AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vo kiritgan Red Eagle Law yuridik firmasining iltimosnomasini qanoatlantirdi.
Dastlabki qarorga ko‘ra, Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish sanalarini 15 oktyabrgacha e’lon qilishi, arizalar qabulini esa 18 oktyabrdan kechiktirmay boshlashi kerak edi. Shuningdek, tanlab olingan ishtirokchilar natijalarini 19 noyabrgacha e’lon qilish rejalashtirilgan. Biroq keyinchalik tomonlar muddatlarni ikki haftaga surish haqida birgalikda murojaat qilgan va sud bu iltimosni ma’qullagan.
Red Eagle Law ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan jadval bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish sanalari 29 oktyabrgacha e’lon qilinishi, arizalar qabuli 1 noyabrdan kechiktirmay ochilishi, tanlab olingan ishtirokchilar esa 3 dekabrgacha xabardor qilinishi lozim.
Shu bilan birga, sud qarori lotereya to‘liq va uzil-kesil qayta tiklanganini anglatmaydi. Donald Tramp ma’muriyati qaror ustidan apellyatsiya berishi mumkin. Biroq apellyatsiyaning o‘zi sud qarori ijrosini avtomatik ravishda to‘xtatmaydi.
16 oktyabr holatiga ko‘ra, DV-2027 dasturining rasmiy saytida arizalar qabuli hali boshlanmagan.
Nega lotereya kechiktirildi?
DV-2027 dasturiga ro‘yxatdan o‘tish 2025 yil kuzida boshlanishi kerak edi. Ammo AQSH Davlat departamenti arizalar qabuli ochilganini e’lon qilmadi. O‘tgan yilning noyabr oyida rasmiylar dasturda ishtirok etish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilishini bildirib, yangi muddatlar keyinroq e’lon qilinishini ma’lum qilgan.
2026 yil avgustida Red Eagle Law yuridik firmasi Davlat departamentini lotereyani o‘tkazishga majburlash talabi bilan sudga murojaat qildi. Sentabr oyida sud shoshilinch choralar ko‘rish haqidagi talabni rad etgan bo‘lsa-da, ishni ko‘rib chiqishni davom ettirdi.































Izohlar 0
…