AQSH 5 yoshdan boshlab migrant bolalarga mamlakatni tark etish uchun 3 ming dollar taklif qilmoqda

AQSH hukumati mamlakatni ixtiyoriy tark etishga rozi bo‘lgan 5 yoshdan boshlab voyaga yetmagan migrantlarga 3 ming dollardan pul taklif qilmoqda. Bu haqda Bloomberg Law nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bunday takliflar immigratsiya ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilayotgan ayrim bolalarga bildirilmoqda. Ba’zi hollarda bu taklifni Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) yuristlari ilgari surayotgan bo‘lsa, boshqa vaziyatlarda sudyalar bolalarga mamlakatni ixtiyoriy tark etish imkoniyatini tushuntirmoqda.
Huquq himoyachilarining bildirishicha, ayrim bolalarga bunday takliflar ota-onalari yoki qonuniy vakillari ishtirokisiz, ba’zan esa yuridik yordam olish imkoniyatisiz taqdim etilmoqda. Ularning xavotiricha, bolalar bu qarorning huquqiy oqibatlarini to‘liq anglamasdan, boshpana so‘rash yoki boshqa himoya choralaridan voz kechishi mumkin.
2025 yilda ham AQSH ma’muriyati 14 yosh va undan katta, mamlakatga ota-onasi yoki qonuniy vasiysiz kelgan migrant bolalarga o‘z vataniga ixtiyoriy qaytishi uchun 2 500 dollar taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Huquq himoyachilari yangi taklif bolalarga bosim o‘tkazishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. AQSH rasmiylari esa mazkur taklif yuzasidan Bloomberg Law'ning izoh so‘roviga darhol javob bermagan.






























Izohlar 0
…