Janubiy koreyalik ayol 15 yilda 400 marta plastik operatsiya qildirdi

Janubiy koreyalik ayol 15 yilda 400 marta plastik operatsiya qildirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Janubiy koreyalik ayol Gil Li Von so'nggi 15 yil ichida tashqi ko'rinishini o'zgartirish uchun 300 million von (taxminan 210 ming dollar) sarflab, jami 400 ga yaqin kosmetik muolajadan o'tgan.
  • Uning so'zlariga ko'ra, yoshligida tashqi ko'rinishi sababli tanqidga uchragani uni o'zgarishga undagan.
  • Gil Li Von hozirgi ko'rinishidan mamnun bo'lsa-da, hali ham o'zgartirishni istaydigan jihatlar borligini tan olgan.

Janubiy Koreyada yashovchi ayol so‘nggi 15 yil davomida tashqi ko‘rishi bilan bog‘liq turli muolajalarga 300 million von, ya’ni taxminan 210 ming dollar sarflaganini ma’lum qilgach, internetda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Gil Li Vonning aytishicha, u shu vaqt ichida jami 400 ga yaqin kosmetik muolajadan o‘tgan.

Ayol tvN STORY telekanalidagi mashhur «It's Okay to Be a Martian» ko‘ngilochar dasturida ishtirok etib, plastik jarrohlikka 2010 yilda murojaat qila boshlaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kollejga kirish imtihonlariga tayyorlanayotgan paytida vazni ortib ketgan va atrofdagilar uning tashqi ko‘rinishi ustidan kulishgan. Keyinchalik sobiq yigitlaridan biri ham uning qiyofasini tanqid qilgan. Bu esa ayolni tashqi ko‘rishida o‘zgarish qilishga undagan.

Gil birinchi marta aynan qanday muolaja qildirganini ochiqlamagan. Biroq dastlabki tajriba unga kosmetik jarrohlik imkoniyatlarini anglashga turtki bergan va shundan so‘ng u turli muolajalarni davom ettirgan. Tashqi ko‘rishiga katta mablag‘ sarflaganiga qaramay, hozircha bu jarayonni butunlay to‘xtatish niyati yo‘qligini bildirgan.

«27 yoshimdan 30 yoshimgacha munosabatda bo‘lgan yigitim tashqi ko‘rinishimni doimiy tanqid qilardi. Bu o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yo‘qqa chiqardi. Men o‘zimni butunlay o‘zgartirishni xohladim. Shunga qaramay, plastik operatsiya qildirganimdan afsuslanmayman. Hozir tashqi ko‘rinishimdan mamnunman va o‘zimni ishonchli his qilaman», — dedi Gil Li Von.

Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi 15 yil ichida peshonaga yog‘ to‘qimasini ko‘chirish, quloq shaklini o‘zgartirish, qovoqni ikki qatlamli qilish, ko‘zlarni tuzatish, burunni shakllantirish, burun va yuqori lab orasidagi masofani qisqartirish, iyak va yuz konturini o‘zgartirish kabi muolajalardan o‘tgan. Shuningdek, u yuzida chuqurchalar hosil qilish va ularni olib tashlash, lablarga filler qo‘yish va uni eritish, yelka hamda o‘mrov suyagi atrofiga filler kiritish, bo‘yin ajinlarini to‘ldirish va ayrim mushaklarga botoks qo‘llash kabi kosmetik muolajalarni ham qildirgan.

Bundan tashqari, ayol dumba sohasida igna bilan amalga oshiriladigan muolajalar, butun tanadagi liposaksiya natijalarini tuzatish uchun qayta jarrohlik amaliyoti, tomir orqali o‘zak hujayralarini yuborish va turli teri parvarishi muolajalaridan ham o‘tganini aytdi.

«Kosmetik muolajalar va dermatologga borishlarimning barchasini hisoblasam, jami 400 ga yaqin muolaja bo‘lgan. Bu vaqt o‘tishi bilan yig‘ilib ketdi», — dedi janubiy koreyalik ayol.

Gil Li Von hali ham tashqi ko‘rishida o‘zgartirishni istaydigan jihatlar borligini tan oldi. Biroq u liposaksiya klinikasidagi shifokor maslahatiga amal qilishga qaror qilgan. Mutaxassis unga haddan tashqari ko‘p o‘zgarishlarga intilmaslik va hozirgi holatini saqlashga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan.

Shunga qaramay, ayol o‘zini yaxshi ko‘rinishda saqlash maqsadida dermatologiya va sharqona tibbiyot klinikalariga deyarli har kuni tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar