51 yoshli ayol olti xil plastik amaliyotdan so‘ng vafot etdi

51 yoshli ayol olti xil plastik amaliyotdan so‘ng vafot etdi

Braziliyada 51 yoshli tadbirkor ayol yuz va bo‘yin sohasida bir vaqtning o‘zida olti xil kosmetik jarrohlik amaliyotini o‘tkazganidan bir necha soat o‘tib vafot etdi.

Andreia Vieira Gaspar 12 avgust kuni erta tongda, Goyaniya shahridagi shifoxonada jarrohlik amaliyotidan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Qariyb 10 soat davom etgan operatsiya bir nechta murakkab kosmetik muolajalarni qamrab olgan.

Unda chuqur qatlamli yuzni taranglashtirish, peshona terisini ko‘tarish, jag‘ suyagini shakllantirish, qovoqlardagi plastik operatsiya, bo‘yin sohasida liposaksiya hamda nanoyog‘ in’eksiyasi amalga oshirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Andreia operatsiya xonasidan chiqqanidan so‘ng yuzi va bo‘ynida kuchli shish paydo bo‘lgan hamda nafas olishda qiyinchilik sezgan. Tun davomida uning ahvoli yanada yomonlashib, bo‘ynida og‘riq va nafas olish bilan bog‘liq muammolar kuchaygan.

U opasi Djiane Vieira'ga: «Opajon, men o‘lyapman», degan.

Shundan so‘ng Djiane tibbiy jamoa bilan bo‘lgan guruhli yozishmada yordam so‘rab, opasi og‘ir ahvolda ekanini bildirgan. U shifokorlardan zudlik bilan yordam berishni so‘raganini, ammo dastlab hech kim javob bermaganini aytgan.

Andreia oilasi keltirgan tibbiy hisobotda uning o‘limiga o‘tkir tromboz va o‘pka infarkti sabab bo‘lgani qayd etilgan.

Tadbirkor ayol so‘nggi besh yil davomida Ispaniyada yashagan va mazkur kosmetik amaliyotni o‘tkazish uchun Braziliyaga kelgan. Oilasiga ko‘ra, bu operatsiya uning bir necha yillik orzusi bo‘lgan.

Opasi Djiane'ning aytishicha, Andreia jarrohlik uchun ikki yil davomida mablag‘ jamg‘argan. U operatsiya xarajatlari 118 ming Braziliya reali, ya’ni taxminan 16,8 ming funt sterlingni tashkil etganini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Goyaniya shahrida avval go‘zallik salonini boshqargan Andreia operatsiya uchun pul yig‘ishni qariyb ikki yil avval boshlagan. Oilasining ta’kidlashicha, u tibbiy jamoa bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan va dastlabki kelishuvlar ham xabarlar orqali amalga oshirilgan.

Marhumaning yaqinlari, shuningdek, operatsiya o‘tkazilgan shifoxona sharoitlariga ham savollar bildirgan. Ular tibbiyot muassasasida intensiv terapiya bo‘limi mavjud emasligini da’vo qilgan.

Goyas shtati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan ehtimoliy ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limi bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha politsiya tergovi boshlanishini so‘ragan.

Andreia'ning oilasi operatsiyadan keyingi tibbiy yordam jarayonini ham shubha ostiga olmoqda. Ular ayolning ahvoli keskin yomonlashishidan oldin unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishi mumkin edi, deb hisoblamoqda.

Ankar Hospital nomidan bayonot bergan advokat Cristiene Pereira Couto esa bemorga favqulodda holat yuzaga kelishi bilanoq zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy va hamshiralik xodimlari bemor holatiga mos zarur choralarni ko‘rgan.

Shuningdek, shifoxona vakillari Andreia'ning operatsiyadan oldingi ko‘rigi va zarur tahlillari u Ankar Hospital'ga qabul qilinishidan avval tashqi tibbiy muassasalarda o‘tkazilganini ta’kidlagan. Favqulodda holat yuzaga kelgach, bemorga muassasada mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda tegishli yordam ko‘rsatilgani aytilgan.

Operatsiyani amalga oshirgan jarroh Dr Lessandro Martins Andreia'ning vafotidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, uning oilasiga hamdardlik bildirgan. Shifokor tergov jarayoni operatsiyadan keyin bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam tegishli tartibda amalga oshirilganini ko‘rsatishiga ishonch bildirgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar