Qozog‘istonda stomatolog qabulidan so‘ng uch yashar qiz komaga tushdi

Qozog‘istonda stomatolog qabulidan so‘ng uch yashar qiz komaga tushdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida uch yashar qizcha stomatologik muolajadan so‘ng og‘ir ahvolda komaga tushdi.
  • Qarindoshlarining ta’kidlashicha, bola nafas olishda qiynalganiga qaramay, shifokor muolajani to‘xtatmagan va tez yordam chaqirishda kechikish yuz bergan.
  • 2023 yilda tug‘ilgan bemor ayni paytda reanimatsiyada sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda davolanmoqda.
  • Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida uch yashar qiz stomatolog qabulidan keyin komaga tushdi. Qarindoshlarining aytishicha, bola tishlarini davolatish paytida nafas olishda qiynalganiga qaramay, shifokor muolajani davom ettirgan. Ayni paytda shifokorlar uch kundan buyon qizchaning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Bolaning qarindoshlari ma’lum qilishicha, stomatologik muolaja vaqtida qizchaning ahvoli keskin yomonlashgan. Uning xolasi ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida bolaning ko‘zlari kirtayib, nafas olishi buzilganini aytgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, shifokor muolajani to‘xtatmagan.

«Onasi qiziga nimadir bo‘layotganini aytib baqirganida, shifokor bu holat o‘tib ketishini aytgan», — deydi ayol.

Uning ta’kidlashicha, ona tez yordam chaqirishni so‘ragan, ammo shifokor bu iltimosga darhol e’tibor qaratmagan.

«Opam yig‘laganidan keyin qo‘shni xonadagi hamshira tez yordam chaqirdi. Bola hushini yo‘qotgan, og‘zidan ko‘pik chiqqan. Shifokor esa tibbiy yordam ko‘rsatmasdan, chetga chiqqan va bolaga yordam berishga harakat qilmagan. Natijada qimmatli vaqt boy berilgan. Qizga qanday muolajalar o‘tkazilgani va unga qanday dori yuborilgani noma’lum», — deya hikoya qilgan u.

Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, qizchani shifoxonaga olib ketayotgan vaqtda uning yuragi to‘xtab qolgan. Ikkinchi marta yurak to‘xtashi esa shifoxonada sodir bo‘lgan.

«Bola uch kundan beri reanimatsiyada, hushsiz va koma holatida», — deb qo‘shimcha qilgan pavlodarlik ayol.

Pavlodar viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ham qizchaning ahvoli o‘ta og‘ir ekanini tasdiqladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilda tug‘ilgan bola 21 oktyabr kuni shifoxonaga olib kelingan. U qabul bo‘limida ushlab turilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri reanimatsiyaga yotqizilgan.

Qizcha sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan bo‘lib, unga intensiv terapiya muolajalari ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, Ona va bola milliy ilmiy markazi hamda Milliy ilmiy kardiojarrohlik markazi mutaxassislari bilan teletibbiyot orqali maslahatlashuv o‘tkazilgan. Unda bemorni davolash taktikasi va keyingi tibbiy choralar kelishib olingan.

Stomatologiya klinikasi nima dedi?

Qizcha davolangan stomatologiya klinikasi yuz bergan voqea yuzasidan munosabat bildirib, bemorlar xavfsizligi va tibbiy xizmat sifati ular uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanini ma’lum qildi.

«Barcha muolajalar tibbiy protokollarga qat’iy muvofiq ravishda o‘tkaziladi. Hozirda vaziyatning barcha obyektiv holatlari va sabablarini aniqlash uchun rasmiy tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha klinika xodimlarining aybi haqida xulosa chiqarishga hali erta», — deyiladi klinika bayonotida.

Klinika vakillari, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish va tuhmat uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda huquq-tartibot idoralari hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda. Tekshiruv natijalari asosida voqeaga huquqiy baho beriladi. Shuningdek, boshqarma mazkur klinika davlat buyurtmasi doirasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar