Oddiy dori ayolni komaga tushirdi va tanasining 95 foizini zararladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHda yashovchi 36 yoshli Khaliah Shaw bipolyar buzilish tashxisi bilan noto‘g‘ri buyurilgan Lamotrigine preparatini qabul qilgach, Stivens–Jonson sindromi sababli 37 kun komada yotdi va tanasining 95 foiz qismi jiddiy zararlandi.
- Keyinchalik 2025 yil iyul oyida tish infeksiyasi uchun buyurilgan Amoxicillin antibiotigi ham ayolda yana og‘ir allergik reaksiyani keltirib chiqardi.
AQSHda yashovchi 36 yoshli Khaliah Shaw oddiy dori vositasini qabul qilganidan so‘ng hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan og‘ir kasallikka chalindi. Uning terisi ko‘chib tusha boshladi, tanasining 95 foiz qismi jiddiy zararlandi. Oradan yillar o‘tib esa antibiotik qabul qilganida xuddi shunday holat yana takrorlanishiga sal qoldi.
Khaliah magistraturada o‘qish bilan birga to‘liq va qo‘shimcha ish joyida ham faoliyat yuritgan. Katta yuklama sabab ruhiy jihatdan qiynalgan ayol psixiatriya markaziga murojaat qildi. U yerda unga bipolyar buzilish tashxisi qo‘yilib, Lamotrigine preparati buyurildi.
Dori uning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bir necha haftadan keyin tanasida og‘ir asoratlar paydo bo‘ldi. Uyqudan uyg‘onganida ko‘zlari va lablari atrofidagi terisi ko‘chib tushayotganini ko‘rdi. Keyinchalik unda Stivens–Jonson sindromi (SJS) — ayrim dori vositalariga nisbatan organizmning og‘ir reaksiyasi rivojlangani ma’lum bo‘ldi.
2014 yil yanvar oyida boshlangan kasallik dastlab grippga o‘xshash alomatlar bilan namoyon bo‘lgan. Ayolning tana harorati 40 darajagacha ko‘tarilib, butun tanasiga toshmalar va pufakchalar tarqalgan. Oqibatda u 37 kun komada yotgan. Hushiga kelganida tanasining 95 foiz qismi jiddiy zararlangan edi.
Eng achinarlisi, keyingi tekshiruvlarda Khaliahda bipolyar buzilish bo‘lmagani, demak, unga ushbu dori umuman buyurilmasligi kerakligi aniqlangan.
Ayol bu og‘ir sinov ortda qoldi, deb o‘ylagan bir paytda, 2025 yil iyul oyida tish infeksiyasi sabab yana muammoga duch keldi. Stomatolog unga Amoxicillin antibiotigini buyurdi. Khaliah avvalgi kasalligi haqida ogohlantirib, boshqa davolash usulini so‘ragan, ammo shifokor uning avvalgi reaksiyasini allergiya deb baholagan.
Natijada ayol ikki kun davomida antibiotikni olti marta qabul qildi. Biroq ko‘p o‘tmay yuzi shishib, shilliq qavatlarida ta’sirlanish paydo bo‘ldi. U dorini qabul qilishni to‘xtatib, shoshilinch yordam bo‘limiga bordi.
«Tanam ichkaridan yonayotgandek edi. Xuddi qizdirilgan soch turmaklagich ichki a’zolarimni kuydirayotgandek his qildim. Men yana bir bor o‘sha dahshatni boshdan kechirishni istamadim», — dedi Khaliah Need To Know nashriga.
Uning ta’kidlashicha, shifoxonada ham xavotirlari yetarlicha jiddiy qabul qilinmagan va unga SJS bilan bog‘liq ogohlantirishlari mavjud bo‘lgan boshqa preparatlar taklif qilingan. Ayol o‘z tajribasidan kelib chiqib, bu kasallik haqida tibbiyot sohasida xabardorlik yetarli emasligini ta’kidlaydi.
Keyinchalik infeksiyani davolash uchun unga boshqa antibiotikning pastroq dozasi buyurilgan. Shuningdek, Khaliah avvalgi holat yuzasidan shifokor va tibbiy muassasa ustidan sudga murojaat qilgan. Ammo o‘tgan yili apellyatsiya shikoyati ham rad etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunga muassasa va shifokorning davlat tizimiga tegishliligi hamda huquqiy daxlsizlik qoidalari sabab bo‘lgan.
Hozirda u adolatga erishish maqsadida GoFundMe platformasi orqali mablag‘ to‘plamoqda.
«Hushimga kelganimda o‘zim tanimaydigan tanani ko‘rdim. Qaytadan yurish, ovqatlanish va yutishni o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Butun hayotim bir zumda o‘zgardi. Men hech qachon bu voqeadan to‘liq tiklana olmadim. Sudda ham adolat qaror topmadi. Eng katta qo‘rquvim — yana biror kuni kimdir gaplarimga quloq solmasligi va buning oqibati hayotim uchun xavfli bo‘lishi», — dedi u.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…