Sakkizinchi qavatdan tushib ketgan bola tirik qoldi

Sakkizinchi qavatdan tushib ketgan bola tirik qoldi

Qozog‘istonning Pavlodar shahrida bola sakkizinchi qavat balandligidan tushib ketib, mo‘jizaviy tarzda omon qoldi. U ko‘p qavatli uyning balkonidan pastga qulagan. Bola hozir og‘ir ahvolda shifoxonada davolanmoqda. Bu haqda Pavlodar viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentiga tayanib, Nur.kz xabar berdi.

Baxtsiz hodisa 9 sentyabr kuni taxminan soat 21:00 da sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan bola xonadon balkonida bo‘lgan. U stulga chiqib, deraza yoniga yaqinlashgan va muvozanatini yo‘qotib, sakkizinchi qavatdan pastga tushib ketgan.

Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, bola balandlikdan qulaganiga qaramay, tirik qolgan. Biroq uning ahvoli og‘ir ekani qayd etilgan.

Pavlodar viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon hududda bolalarning balandlikdan qulashi bilan bog‘liq oltita shunday holat qayd etilgan. Ularning ikkitasi bolalarning vafoti bilan yakunlangan.

Mutaxassislar ota-onalarni bolalarni qarovsiz qoldirmaslikka chaqirmoqda. Ayniqsa, derazalari ochiq xonalar va balkonlarda bolalarni nazoratsiz qoldirish xavfli ekani ta’kidlangan.

Qutqaruvchilar deraza yoniga bola chiqib olishi mumkin bo‘lgan mebel va boshqa buyumlarni qo‘ymaslikni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, derazalarga ishonchli blokatorlar, panjaralar yoki ochilishni cheklovchi maxsus moslamalar o‘rnatish zarurligi eslatilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar