Qashqadaryoda 3 oylik chaqaloq shifoxonada vafot etdi: holat yuzasidan tekshiruv boshlandi

Qashqadaryoda 3 oylik chaqaloq shifoxonada vafot etdi: holat yuzasidan tekshiruv boshlandi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida uch oylik chaqaloq vafot etdi. Hozirda uning o‘limi bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy yordam sifati yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 15 oktyabr kuni chaqaloqning oila a’zolari uning bezovtalangani sababli tuman tibbiyot birlashmasiga olib borgan. Shifokorlar dastlab qizaloqqa ichak yallig‘lanishi tashxisini qo‘yib, shu asosda davolashni boshlagan.

Biroq 19 oktyabr kuni bolaning ahvoli og‘irlashgan. U jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan, ammo shifokorlar sa’y-harakatlariga qaramay, vafot etgan.

Chaqaloqning yaqinlari dastlabki tashxis va uning vafotidan keyingi tibbiy hujjatlarda qayd etilgan ma’lumotlar o‘rtasida tafovut borligini bildirgan. Ularning aytishicha, dastlab ichak yallig‘lanishi tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, keyinchalik hujjatlarda jigar sirrozi va bosh miyada suyuqlik to‘planishi bilan bog‘liq kasalliklar qayd etilgan.

Shuningdek, oila a’zolari chaqaloq shifoxonada davolangan vaqtda unga kuchli ta’sirga ega dori vositalari va antibiotiklar berilganini aytmoqda. Ular mazkur holat yuzasidan tegishli idoralarga murojaat qilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, voqeaga aloqador tibbiyot xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ekspertlar guruhi tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tekshiruv va ekspertiza natijalari chaqaloqning o‘limi sabablari hamda tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganiga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar