22:00 / 08.10.2020
5 189

O‘zbekistondan necha kishi «grin-kard» yutadi? Uni yutishning siri bormi?

O‘zbekistondan necha kishi «grin-kard» yutadi? Uni yutishning siri bormi?
Foto: Shutterstock
7 oktabrdan Green Card uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu yil dastur qoidalarida jiddiy o‘zgarishlar yo‘q. Kun.uz lotereyaga oid eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar va asosiy tavsiyalarni sanab o‘tadi.

AQSH Turli millatga mansub immigrantlar vizasi – Diversity Visa dasturi (xalq tilida – «grin karta») uchun arizalar qabuli 7 oktabrdan boshlandi. Jarayon 10 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00ga qadar davom etadi.

Grin-karta yutish nima beradi?
Lotereyaning rasmiy nomi – «Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi» (Diversity Immigrant Visa Program). Dastur AQSHda 1990 yilda qabul qilingan qonun asosida yo‘lga qo‘yilgan.

G‘oliblar keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, AQSHda doimiy yashash, qonuniy ishlash va 5 yildan so‘ng AQSH fuqaroligini olish uchun ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umuman, grin-karta egalari saylovda ovoz berish huquqidan tashqari, AQSH fuqarolariga berilgan aksariyat huquqlardan foydalana oladi.

Nechta viza beriladi?
Har yili AQSHga immigratsiya ko‘rsatkichlari kam bo‘lgan davlatlar fuqarolariga immigratsion viza uchun lotereya o‘ynaladi. Dastur asosida yiliga 55 ming nafargacha xorij fuqarosi AQSH rezidenti maqomini oladi.

2019 yilda dunyo bo‘yicha 6 741 128 ta ariza kelib tushgan. Bu – avvalgi yillarga qaraganda 2 barobarga kam. Boisi, o‘tgan yili dastur qoidalariga firibgarlikni cheklovchi yangi shartlar kiritilgan edi.

Vizalar oxirgi 5 yil ichidagi immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida, 6ta mintaqa orasida taqsimlanadi. Immigratsiya ko‘rsatkichlari pastroq hududlarga ko‘proq vizalar ajratiladi. Lotoreyada yutuq chiqishi ehtimoli 2019 yili Osiyoda 1,08 foizga teng bo‘lgan.

O‘zbekistondan necha kishi grin-karta yutadi?
2017 yilda O‘zbekiston fuqarolaridan 1,8 millionta, 2018 yilda 1,7 millionta, 2019 yilda esa 466 480 ta ariza kelib tushgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dastur qoidalari o‘zgargach, O‘zbekiston fuqarolaridan xorijga chiqish pasportini olish talab etilgan edi.

Lotereyada g‘olib deb topilganlarga kelsak, 2016 yil may oyida 4501 nafar, 2017 yil mayida 4494 nafar o‘zbekistonlikka yutuq chiqqan. Ammo g‘oliblarning barchasiga ham grin-karta nasib etavermaydi. 2017 yilda 3199 nafar, 2018 yilda 2058 nafar, 2019 yilda 823 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV dasturi orqali AQSHda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan.

2010-2019 yillarda (10 yil ichida) 27 563 nafar o‘zbekistonlikka grin-karta berilgan, bu yiliga o‘rtacha 2755 kishi demakdir (bu yerda aynan DV lotereyasi orqali olingan grin-kartalar haqida gap ketmoqda; ma’lumot uchun, grin-karta olishning boshqa yo‘llari ham bor).

Kimlar ariza topshira oladi?
Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar 2ta:
- Fuqarolari dasturda qatnashishiga ruxsat berilgan davlat fuqarosi bo‘lish;
- Eng kamida maktabni tamomlagan bo‘lish (yoki oxirgi 5 yil ichida 2 yillik ish tajribasi – bu AQSHdagi kasblar klassifikatoriga muvofiq aniqlanadi).

Lotereya qanday o‘ynaladi?
Omadini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar belgilangan davrda dvprogram.state.gov sayti orqali ariza-anketa to‘ldirib, shu orqali o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Bu mutlaqo bepul.

Anketa to‘ldirish uchun ro‘yxatga olish davrining oxirgi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi. Dunyo bo‘ylab talab yuqoriligi sabab dvprogram.state.gov sayti ishlashida muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Xuddi shuningdek, arizalar qabuli boshlanishi bilanoq anketa to‘ldirish ham eng yaxshi variant emas. Masalan, o‘tgan yili texnik xatolik sabab birinchi bo‘lib ariza berganlarning arizalari bekor qilingan va ularga qaytadan anketa to‘ldirish huquqi berilgandi.

G‘oliblar qachon e’lon qilinadi?
Yutuq chiqqan-chiqmaganini tekshirish uchun ariza topshirilganidan keyin beriladigan tasdiqlov kodini saqlab qo‘yish kerak. Natijalar 2021 yil 8 may kuni dasturning yuqorida ko‘rsatilgan saytida e’lon qilinadi.

G‘oliblarda viza olish uchun 2022 yil 30 sentabrgacha muhlat beriladi.

Tanlangan nomzodlar keyingi bosqichda AQSH konsulxonasiga murojaat etishi zarur. Ularni hujjatlar bilan bog‘liq murakkab jarayonlar kutadi (konsulxona beradigan anketadagi savollar soni yuzdan oshadi). Va albatta, xarajatlar ham: konsullik-viza yig‘imi, tibbiy ko‘rik, hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilish va hokazo.

Lotereya g‘olibi bo‘lish viza olasiz degani emas
Tanlangan nomzodlar may oyida e’lon qilingach, ular keyingi yilning 30 sentabriga qadar viza rasmiylashtirib ulgurishi kerak. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, yutuq chiqqanlarning yarmigacha qismi grin-kartani qo‘lga kirita olmaydi.

Bunga sabablar – hujjatlardagi xatolar; viza olish xarajatlari va AQSHga yetib borib u yerda dastlabki oylarda yashash uchun yetarli mablag‘ning yo‘qligi; eng oxirgi bosqichda esa suhbatdan o‘ta olmaslik va hokazo.

Yana bir sabab – shunchaki kech qolish. Hatto barchasini to‘g‘ri qilgan taqdiringizda ham, suhbatga kirish navbatingiz kelgunicha sizning davlatingiz uchun ajratilgan kvota to‘lib qolishi mumkin. Chunki AQSH Davlat departamenti turli sabablar bilan keyingi bosqichdan o‘ta olmaydigan nomzodlar ham bo‘lishini inobatga olib, ajratilgan kvotadan ko‘proq kishini g‘olib deb e’lon qiladi.

G‘oliblar AQSHga o‘zi bilan birga kimni olib ketishi mumkin?
Tanlangan nomzodlarning qonuniy eri yoki xotini, shuningdek 21 yoshga to‘lmagan va hali oila qurmagan bolalari ham g‘olib bilan birga AQSHga yo‘l olish uchun konsulxonaga ariza berish huquqiga ega.

G‘oliblarning ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singlisida bunday huquq bo‘lmaydi.

Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling!
Grin-karta o‘ynash har yili oktabr-noyabr oylarida butun dunyo miqyosida xizmat ko‘rsatishning kattagina bir sohasiga aylanib ketadi: tadbirkorlar ingliz tilini bilmagan yoki bilsa ham, anketani to‘g‘ri to‘ldirishiga ko‘zi yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish orqali mo‘maygina daromad ishlab oladi.

Ta’kidlash kerakki, lotereyada g‘olib chiqish ehtimolini oshirishning yo‘llari va hech qanday «sirlari» yo‘q. Eng muhimi, omad va arizani bexato to‘ldirish. «Men orqali ariza topshirsangiz, yutishingiz ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi», deguvchilarga ishonib o‘tirmang.

Bir kishi faqat bitta ariza to‘ldirishi mumkin va bu bepul. Takroran yuborilgan arizalar o‘yindan chiqariladi. AQSH Davlat departamenti bir nechta ariza topshirgan kishilarni aniqlashning murakkab mexanizmini qo‘llaydi. Hatto yutuq chiqqan taqdirda ham, agar bir nechta ariza kiritgan bo‘lsangiz, bu keyingi bosqichlarda ham ayon bo‘lib qolishi mumkin.

Pul evaziga siz uchun anketa to‘ldirib bergan firibgarlar yutuq chiqqan taqdirda sizdan kattagina pul talab qilishi mumkinligini yodda tuting. Ariza topshirib bo‘lingach, avtomatik beriladigan kodlarni albatta qog‘ozga chop etib oling. Ayni shu kod orqali lotereya natijalari e’lon qilinganida o‘z omadingizni tekshirib ko‘ra olasiz.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekistondan necha kishi «grin-kard» yutadi? Uni yutishning siri bormi?