12 482
Muxlisiga turmushga chiqqan, O‘zbekistondagi «eng qimmat» boshlovchi — Dilnoza Kubayeva 35 yoshda (foto)
«Kelgindi kelin», «Telba», «Baron», «Farzandim» kabi filmlardagi rollari bilan mashhurlikka erishgan kino va teatr aktrisasi Dilnoza Kubayeva 22 noyabr sanasida tug‘ilgan. Quyida uning hayot va ijodiy faoliyatiga nazar tashlaymiz.
«Maktabga borishni istamasdim»
Dilnoza Kubayeva 1986 yil Toshkent shahrida ziyolilar xonadonida tug‘ilgan. Otasi biolog olim, onasi esa iqtisod sohasida faoliyat yuritgan. U oilada yagona qiz bo‘lib, ikki o‘g‘ildan keyin dunyoga kelgan, bir nafar ukasi bor.
Foto: «aidwiki.com»
«Katta otamizning ismi Ko‘paysin bo‘lgan. Sobiq Ittifoq davrida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga «Kubayeva» deb yozilgan. Keyinchalik o‘zgartirmadik. Aslida familiyam Ko‘paysinova yoki Ko‘payeva bo‘lishi kerak.
Uydagilar yolg‘iz qiz farzand, deb meni hech qachon erkalatganini eslolmayman. Oilamizda shunday an’ana bor ediki, kimda qaysi kasbga ishtiyoq, layoqat bo‘lsa, u, albatta, qo‘llab-quvvatlanardi, kelgusida shu yo‘ldan ketishiga sharoit yaratilardi. Hamisha fikrimizni uyalmasdan erkin aytishga odatlanganmiz.
Foto: «webblog.ru»
Kichikligimdan boshqalarga qo‘shilolmasdim, bir chekkada qimtinibgina turadigan qizaloq bo‘lganman. Maktabga ham borishni istamasdim. Har bir voqea-hodisani o‘ylayverardim, «Nega bu shunday? deb. Tan olaman, qiyinchilikda o‘sganmiz.
Bog‘chada o‘rgangan raqslarimni uydagilarga ko‘rsatib, ularning olqishini olgan beg‘ubor damlar ham kechagidek yodimda. Maktabda turli bayram kechalarida faol bo‘lganman. Mikrofonni ushlasam, rosa hayajonlanardim, oyoq-qo‘lim tinmay qaltirardi (kuladi).
Foto: «darakchi.uz»
Maktabni tugatgach, Respublika nafis san’at litseyiga o‘qishga kirib, u yerda ustozlarimdan san’at bo‘yicha saboq oldim. O‘sha litsey institutiga kirishimda poydevor vazifasini o‘tagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi», degan edi Dilnoza Kubayeva o‘z intervyularida.
Munavvara Abdullayevaning sevimli shogirdi
2002 yili hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirgan Dilnoza O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvara Abdullayevani o‘ziga ustoz deb biladi va ularning etagini mahkam ushlaydi.
Foto: «imgur.com»
«Ustozlarim ichida eng qattiqqo‘li Munavvara opa bo‘ladi. Institutga kirayotganda ijodiy imtihonga boshqa abituriyentlar singari Guli yoki Ofeliya monologini emas, Orifxon Odilxonov qalamiga mansub «Qurib borayotgan Orol dengizi» monologini tayyorlab borganligim e’tiboriga tushgan ekan.
U kuchli psixolog — yolg‘on gapirgan talabani darhol payqardi. Yolg‘ondan nafratlanadi, rostgo‘y, mehnatkash insonlarni qadrlaydi. Halollikka, ayniqsa, qizlarni o‘zbekona hayo-iboni yo‘qotmaslikka chaqirardi.
Oliygohda ustozlik qilish bilan bir qatorda, xuddi onam kabi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi. Ba’zida ish yuzasidan qo‘ng‘iroq qilganimda soatlab rol xususida kamchiliklar ustida ishlardik. Yordam so‘raganimda hech qachon yo‘q demaydilar. Ustozimdan kamchiliklarni tanqid qilish masalasida o‘rnak olsak arziydi. Hali-hamon ular bilan har bir ishimni maslahatlashaman», deya ustozi haqida gapirgan edi aktrisa.
Foto: «kinopoisk.ru»
Dilnoza talabalik davridan, ya’ni 2004 yildan O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yurita boshlaydi.
Foto: «sayyod.com»
U teatrdagi debyut ijrosi — Munavvara Abdullayeva sahnalashtirgan «Andishali kelinchak» spektaklidagi Olmaxon roli bilan tomoshabinlar nazariga tushadi.
«Andishali kelinchak» spektaklidan kadr
Foto: «auz.uz»
Keyinchalik «Omonat dunyo», «Bir qanotlilar», «Bevalar», «Sizsiz o‘tmas kunlarim», «Quyoshni sen uyg‘otasan», «Alisher Navoiy» kabi ko‘plab sahna asarlarida turli xarakterdagi katta-kichik rollarni talqin qiladi.
Tashrif qog‘ozga aylangan «Kelgindi kelin»
Teatr sahnasida charxlanib, mahoratini oshirib borgan aktrisa kinodagi ijrolari bilan muxlislari safini yanada kengaytirishga erishadi. U kinodagi ilk rolini «Taqdir charxpalagi» filmida o‘ynaydi, ammo bu ijro omadsiz chiqadi. Vaqt o‘tib «Kelindi kuyov» kinosida suratga tushadi va undagi roli ham aktrisa kutgan muvaffaqiyatni olib kelmaydi.
Foto: Instagram
2005 yilda katta ekranlarga chiqqan «Kelgindi kelin» filmidagi Charos obrazi Dilnoza Kubayevani xalqqa tanitadi va mazkur rol uning tashrif qog‘oziga aylanadi.
Aktrisa intervyularining birida ushbu kinoga qay tariqa kelib qolgani haqida quyidagicha so‘z yuritgandi:
«Aslida hayotda tantiq, ruslashgan qizlarni yoqtirmayman. Qahramonim Charos ham ana shunday fazilatlarga ega bo‘lsa-da, lekin unda qalbi borligi, ko‘zini yog‘ bosmaganligi, his-tuyg‘ulari o‘lmagan qiz bo‘lganligi bois ushbu rolni o‘ynashga rozi bo‘lganman. Uning insoniy fazilatlari, olijanobligi, asosiysi, qalb ko‘zining ochiqligi ham meni o‘ziga rom qilgan.
«Kelgindi kelin» filmidan kadrlar
Foto: «yandex.uz»
Charosning ham o‘ziga yarasha dardi bor. U o‘zidan kechib, orzusidagi yigitning orqasidan qishloqqa keladi. Kasbi orqali oz bo‘lsa-da, qo‘shnisiga yordam beradi. Shu tomonlari ham menga ma’qul kelgan.
To‘g‘risi, boshida bu rolni o‘ynay olarmikanman, qanaqa chiqarkan, tomoshabinlar qanday qabul qilarkan, deb cho‘chiganman. Rolim katta bo‘lganligi uchun suratga olish jarayonida ijodiy jamoadagilar ham yordam bergan. Kino ekranga chiqqanidan so‘ng uni xalqimiz yaxshi qabul qilgan. Charos rolim uchun 600 ming so‘m gonorar to‘lashgan. Hammasini onamga berganman.
Foto: «kunutun.uz»
Ammo hozir «Kelgindi kelin» filmini ko‘rsam, uyalaman. O‘sha paytda endi chiqayotgan aktrisa edim. Hali bu katta maydonda dovdirab yurgan qizcha bo‘lganman. Men bunaqa kiyinmayman, deb talab qila olmasdim. Obraz shuni taqozo qilishi mumkin, to‘g‘ri. U qiz shunaqa o‘sgan, lekin bizning o‘zbekona qadriyatlar, urf-odatlar degan narsalar, muqaddas his-tuyg‘ular bor. Mentalitet degan tushunchalar bor, shundan kelib chiqib bu obrazimdan uyalaman. Biroq mazkur rolim meni mashhur qilganini, albatta, tan olaman».
Betakror ijrolar...
«Kelgindi kelin»dan so‘ng Dilnoza Kubayevaga turli loyihalardan takliflar yog‘ila boshlaydi. «Telba», «Kechikkan hayot», «Baxt uyi», «Ko‘rgim keladi», «Kelganda kelin», «Er bermoq — jon bermoq», «Hijron», «Farzandim», «Zumrad va Qimmat», «Jazo», «O‘g‘rigina kelin» singari filmlarda ketma-ket suratga tushadi. U ishtirokida kinolarning deyarli barchasi o‘z tomoshabinini topadi.
«Telba» filmidan kadr
Foto: «rl0.ru»
Asosan, kinolardagi rollari bilan tanilgan va shu orqali tomoshabinlar mehrini qozongan aktrisa «Muhabbatim – qismatim», «Kaminaning oilasi», «Tabassum» kabi milliy seriallarda ham turli qiyofalarda namoyon bo‘ladi.
«Er bermoq — jon bermoq» filmidan kadr
Foto: «kino-teatr.ru»
Fathulla Mas’udov, Farhod Mahmudov, Farruh Soipov, Ulug‘bek Qodirov, Adiz Rajabov, Rixsitilla Abdullayev kabi iste’dodli aktyorlarning ekrandagi rafiqasi sifatida ko‘pchilikka tanish aktrisa 2011 yil «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni, 2012 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlanadi.
Shaxsiy hayot
Aktrisa 2008 yilda o‘z muxlisiga turmushga chiqadi. U umr yo‘ldoshining fikri bilan ijodiy faoliyatida ikki yil tanaffus qiladi.
Foto: «Tarona.net»
«Rahmatli turmush o‘rtog‘im tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlar, boladek beg‘ubor, yaxshi inson bo‘lganlar. «Kelgindi kelin» filmidagi rolimni ko‘rib meni yoqtirib qolgan ekanlar. O‘sha vaqtda ich-ichlaridan «Shu qiz meni rafiqam bo‘lsaydi», degan kechinma, tuyg‘u o‘tgan ekan. Keyinchalik «O‘sha vaqtda ichimdan o‘tgan tuyg‘u ijobat bo‘lgan», deb xotirlab yurardilar. Mendan dastxat olish bahonasida teatrga kelganlarida tanishib qolganmiz.
«Alisher Navoiy» spektaklidan kadr
Foto: «myday»
Birinchi muhabbatim ham, balki so‘nggi muhabbatim ham rahmatli jufti halolimdir. Turmush o‘rtog‘im juda ham oddiy, xokisor, halol odam edilar. Har xil mish-mishlar chiqqan, ammo u gaplar shunchaki mish-mish bo‘lgan, xolos. Jufti halolimni roziligi uchun erimga bergan ahdimga sodiq qoldim, shu sababli ikki yil ijoddan ketdim. Ularni norozi qilib, biror narsaga erishishim mumkin emas edi.
Foto: «darakchi.uz»
Xo‘jayinim 30 yoshdan oshganda olamdan o‘tdilar, ular mendan minnatdor bo‘lib, rozi bo‘lib: «Senga tarbiya bergan onangga rahmat!», dedilar. Bu gap men uchun butun umrga tatiydi. Shuning uchun o‘g‘limning ham oldida vijdonim pok, uning ko‘ziga bemalol qaray olaman, unga ham barchasini ochiq-oydin aytaman.
Foto: «kino-teatr.ru»
Hammasi uchun roziman. Yaxshiyam sabrli bo‘lgan ekanman, yaxshiyam qanday kun bo‘lsa ham chidagan ekanman, yaxshiyam «kasbingni tashla» degan vaqtlarida tashlagan ekanman — mana yana ishlab ketdim. U insonni juda ham e’zozladim, xuddi yosh boladek. Kezi kelganda emizikli bolamni onamga tashlab, ular bilan birga kasalxonada qolganman», degan edi u.
«Balki, o‘g‘lim shifokor bo‘lar...»
Aktrisaning o‘g‘li Muhammadamin 12 yoshda bo‘lib, u musiqa maktabida o‘qiydi.
«Muhammadamin kelgusida qanday kasbni egallashidan qat’i nazar, poydevori musiqa bilan mustahkam bo‘lishini istayman. Bundan tashqari, musiqani bilgan, tushungan insondan yomonlik chiqmaydi. Qaysi sohani tanlamasin, tanloviga hurmat bilan yondashaman. Uni hech qachon majburlamayman. Balki, yillar o‘tib, ulg‘aygach, orzumdagidek shifokor bo‘lar. Buni esa endi vaqt ko‘rsatadi», deydi u.
Aktrisa o‘g‘li Muhammadamin bilan
Foto: Instagram / @realdilnozakubayeva
Dilnoza Kubayeva mish-mishlar va muhokamalar markazida bo‘lishni yoqtirmaydi. Lekin bir necha yil oldin O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bilan oila qurgani haqida gap-so‘zlar bolalagan. Keyinchalik ikki ijodkor bu shunchaki mish-mish, asossiz gaplar ekanligini ommaga ma’lum qildi.
Aktrisa oxirgi intervyularida ikkinchi marta turmushga chiqish niyati borligini aytarkan, uni boricha qabul qiladigan inson bilan oila qurmoqchiligini qayd etadi.
Foto: Instagram
«Meni borimcha qabul qiladigan, ekrandagi Dilnoza Kubayevani emas, sahna ortidagi oddiy Dilnozani sevadigan, bor nuqsonlarim, kamchiliklarim bilan yaxshi ko‘radigan, muammolarimni tushunadigan, maslahatdosh, ko‘ngli toza, vijdonli xislatlarga ega bo‘lgan inson uchrasa, albatta, turmushga chiqardim», deydi aktrisa.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilnoza Kubayeva to‘ylarda boshlovchilik qilgani evaziga 1000 dollar gonorar so‘raydi. Shu bois u O‘zbekistondagi «eng qimmat» boshlovchi hisoblanadi.
Foto: Instagram
Bugungi kunda teatrda faoliyat yuritayotgan, ammo kinolarda ko‘rinmayotgan Dilnoza Kubayeva yaqinda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy sahifasini ochdi. Shu paytgacha uning nomidan yuzlab soxta akkauntlar ochilgan edi.
Mirolim Isajonov tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi