18:12 / 27.04.2021
2 142

Davlat soliq qo‘mitasi 4,6 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirish uchun Rasul Kusherbayevni sudga berdi

Davlat soliq qo‘mitasi 4,6 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirish uchun Rasul Kusherbayevni sudga berdi

Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha bunga Rasul Kusherbayevning «Human.uz» axborot portalidagi «So‘z blogerlarga» ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so‘zlari sabab bo‘lgan.

«Oddiy soliq qo‘mitasining xodimi yoki mutaxassisi yuk xati nima uchun kerak bo‘lishini, hatto u shunchalik bilmaydimi yo tadbirkorlar, yo odamlar shunchalik ahmoq deb o‘ylaydimiki, o‘zini qilayotgan ishini noto‘g‘ri emasligini isbotlashi uchun dalil sifatida yuk xatini ko‘rmoqchi… Pastkashlik bo‘lsa shunchalik bo‘ladiki, soliq xodimi tadbirkordan yuk xatigacha so‘rayapti, uyidagi ‘tualetnaya bumaga’ning qanaqasini ishlatishini ham so‘ramabdi-da… Soliq organlari aylanib-o‘rgilib tadbirkorni aybdor deb topishim kerak degan prinsip ketyapti…», — degan Rasul Kusherbayev ko‘rsatuvda.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, Rasul Kusherbayev ushbu so‘zlar bilan soliq organlari xodimlarini asossiz ayblagan va ushbu xatti-harakatlari orqali soliq organlari xodimlari ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan.

Davlat soliq qo‘mitasining qayd etishicha, Soliq kodeksining 138-moddasi, 4-qismida kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to‘lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) hisobga olish hujjatlarini, taqdim etilgan soliq hisobotiga va hisobga olish hujjatlariga doir tushuntirishlarni, shuningdek, soliq hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotni so‘rashi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Soliq kodeksining 223-moddasi, 3-qismiga muvofiq, yuklarni tovar-kuzatuv hujjatlarini (yuk xati) rasmiylashtirmasdan yoxud soxta hujjatlar bo‘yicha tashish soliq bazasini yashirish deb e’tirof etiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo‘lsa, deputat o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini oshkora tan olishi va kechirim so‘rashi kerakligi belgilangan», — deb ta’kidlamoqda qo‘mita.

Xabarda aytilishicha, yuqoridagilarga ko‘ra Fuqarolik kodeksining 99-, 100-, 1021- va 1022-moddalari hamda Fuqarolik protsessual kodeksining 33-, 189- va 191-moddalariga asosan javobgar Rasul Kusherbayev davlat soliq xizmati organlari ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlariga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berishi hamda kechirim so‘rashi lozim.

«Javobgar xatti-harakatlari orqali soliq organlariga 4,6 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar yetkazgan. Ushbu ma’naviy zarar undirilgach, ‘Mahalla’ xayriya jamoat fondi huzuridagi ‘Saxovat va ko‘mak’ jamg‘armasiga o‘tkaziladi», — deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.

Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari so‘z erkinligiga qarshi emasligini ta’kidlangan.
«Biroq har qanday asossiz fikrlar uchun belgilangan tartibda, qonun doirasida javob berish lozimligini ham unutmaslik kerak. Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi soliq organlari xodimlarining nafaqat huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini doim himoya qiladi, shuningdek, davlat soliq xizmati organlari obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar uchun javob berilishini talab qiladi», — deyiladi xabarda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Davlat soliq qo‘mitasi 4,6 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirish uchun Rasul Kusherbayevni sudga berdi